Joriy yil 15 aprel kuni bo‘lib o‘tgan Parlament Quyi palatasi deputatlari majlisida «O‘zbekiston Respublikasi bilan Birlashgan Arab Amirliklari o‘rtasida fuqarolik va iqtisodiy ishlar bo‘yicha huquqiy yordam ko‘rsatish to‘g‘risidagi bitimni (Toshkent, 2024 yil 27 sentyabr) ratifikasiya qilish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi ko‘rib chiqildi.
Deputatlar so‘nggi yillarda O‘zbekiston va BAA o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari jadal rivojlanayotgani, xususan, bugungi kunga qadar davlatlararo, hukumatlararo va idoralararo doirada ekstradisiya, jinoyat ishlarida o‘zaro yordam, havo qatnovi, savdo-iqtisodiy hamkorlik, ikki tomonlama daromad solig‘idan ozod qilish, fan va texnika va boshqa sohalarda 31 ta hujjat imzolangani haqida to‘xtalib o‘tdi.
Qayd etilishicha, ushbu qonun loyihasida ikki davlat o‘rtasidagi fuqarolik va iqtisodiy ishlar bo‘yicha huquqiy yordam ko‘rsatishga qaratilgan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, bir tomon fuqarolarini boshqa tomon hududida uning fuqarolari bilan bir xildagi huquqiy himoyaga ega bo‘lish, fuqarolik va iqtisodiy masalalarda sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlariga ushbu tomon fuqarolari uchun belgilangan shartlarda murojaat qilish huquqi bilan ta’minlash nazarda tutilmoqda.
Shuningdek, ikki davlat aholisining fuqarolik va iqtisodiy munosabatlarida vujudga kelishi mumkin bo‘lgan nizolarni hal etish va sud hujjatlarini tan olish kabi masalalarda huquqiy yordam ko‘rsatish tartibi belgilanyapti.
Mazkur Bitim O‘zbekiston bilan Birlashgan Arab Amirliklari o‘rtasidagi manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirish, ikki davlat o‘rtasidagi fuqarolik va iqtisodiy ishlar bo‘yicha o‘zaro huquqiy yordam ko‘rsatish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishga xizmat qiladi.
Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi.
Mazkur bitim BAA delegesiyasining O‘zbekistonga tashrifi doirasida 2024 yil 17 sentyabr kuni Toshkent shahrida imzolangan edi.