Bugun 26 aprel, 2024 yil, juma

КИР

O‘zbekistonliklarga uyda qolish muammo emas. Nega deysizmi?

O‘zbekistonliklarga uyda qolish muammo emas. Nega deysizmi?

Sababi oddiy. Bizda har kuni bir marta ko‘chaga faqat ish yuzasidan chiqiladi. Aksariyat hollarda...

Keling, fikrimni yanayam aniqroq ifodalash uchun bir misolni keltirsam. Har yili yozda xorijda yashaydigan qarindoshlarimiz kelib, ta’til davrini o‘z yurtida o‘tkazib ketishadi. Shunda ularning kundalik yashash tarziga e’tibor beraman. Odatda biz ularni uyda mehmon qilishga, ko‘proq vaqtini oilaviy davrada o‘tkazishga harakat qilamiz. Ularning yoshi kattaroqlari bundan xursand bo‘lishsa-da, ammo yoshroqlari, ya’ni suyagi xorijda qotganlari bu mehmonnavozlikdan ko‘pam xursand bo‘lishmaydi. Ular uchun ko‘chada ovqatlanish, hech bo‘lmasa nimadir tanovul qilib olish yoki ko‘ngilochar maskanga borish (cho‘milish havzasi, karaoke, 3D kinoteatr va hokazo) hayot tarzining bir qismiga aylanib ulgurgan. Bu haqda ularning o‘zi bilan suhbatlashganimda, haqiqatan ham xorijliklar hech bo‘lmasa har kuni qahvaxonaga kirib, bir finjon qahva ichmasa, o‘zlarini noxush his qilishlarini ta’kidlab o‘tdi. Tabiiyki, chetdan borib, yashab qolgan insonlar ham bunday hayot tarziga darrov ko‘nikib qoladi va moslashadi.

Biz uchun, aksincha, qarindoshlar bilan diydorlashuv oilaviy davrada, oshxonada bekalar, ba’zida oila boshliqlari tomonidan tayyorlanadigan palovxonto‘raning biqirlab pishishi jo‘rligida mazmunliroq o‘tadi.

Shuningdek, yoshi katta xorijliklar uchun sayohat ham hayot tarzining bir qismiga aylanib ulgurgan. Ammo bizning bobo, buvilarimiz vaqtini nevaralari bilan o‘tkazishni ko‘proq ma’qul ko‘rishadi. Ba’zi yoshi ulug‘lar hatto imkon bo‘lsa-da, xorijda yashovchi farzandinikiga ham bormaydi.

Bu kabi farqlarni o‘sha payti iqtisodiy imkoniyatlar tufayli bo‘lsa kerak, degan fikrga ham borgandim. Ammo yanagi kuzatuvlarim bu fikrni o‘zgartirdi. Sababi, iqtisodiy jihatdan ancha baquvvat oilalarda ham bu holni kuzatmadim. Biz ko‘proq uyda, oila davrasida, yaqinlarimiz bilan hamsuhbatda, milliy taomlarni pishirib, ko‘proq zavq olarkanmiz.

Ehtimol, iqtisodiy ahvolimiz tufaylidir, balki boshqa sabablar bordir. Ammo ayni paytda bu fazilat yanayam qo‘l keladi, deb o‘ylayman.  Yillar davomida qadriyatlarimizga aylangan bu fazilat Bizning uyda qolishimiz va yaqinlarimiz hamda o‘zimizning salomatligimizni asrashda yordam berajak!

Gulruh MO‘MINOVA

Manba: zernews.uz

Kiritildi: 06:00 26.03.2020. O'qildi: 5961 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!