Bugun 3 aprel, 2026 yil, juma

КИР

“O‘zbekistonlik olmos va uning yuksalishi” — City Magazine Abduqodir Husanov haqida maqola e’lon qildi

“O‘zbekistonlik olmos va uning yuksalishi” — City Magazine Abduqodir Husanov haqida maqola e’lon qildi

Angliyaning “Manchester Siti” klubiga tegishli City Magazine nashri klubning o‘zbekistonlik himoyachisi Abduqodir Husanov haqida maqola e’lon qilib, uning jamoa safidagi rivoji va o‘ziga xos jihatlariga to‘xtaldi.

Husanov ushbu jurnalga bergan intervyusida 2025 yilning yanvar oyidagi debyutidan so‘ng, qanday qilib Yevropaning eng istiqbolli himoyachilaridan biriga aylangani haqida so‘zlab berdi. Husanov, shuningdek, “shaharliklar” muxlislarining unga bo‘lgan mehri va jamoaga yana bir bor Yevropa qiroli bo‘lishda qanday yordam bermoqchi ekanligi haqida aytib o‘tdi.

Ta’kidlanishicha, Abduqodirning “Siti” muxlislari orasida mashhurlikka erishish sur’ati uning maydondagi tezligidan kam emas. “Shaharliklar” tarkibida yuqori darajadagi himoyachilar ko‘p bo‘lishiga qaramay, o‘zbekistonlik futbolchining qisqa vaqt ichida jamoada muhim figuraga aylanishi e’tiborga molik.

Zamonaviy futbolda muxlislarni hayajonga soladigan himoyachilar kam uchraydi. Biroq Husanov har o‘yinda aniq “podkat”lar, to‘pni olib qo‘yish va raqib qarshi hujumlarini bartaraf etish orqali bir necha bor muxlislarni o‘rinlaridan turishga majbur qilmoqda. Uning tezligi ayrim vaziyatlarda Kayl Uoker bilan tenglashsa, ayrim holatlarda undan ustun ekani qayd etiladi.

22 yoshli himoyachi allaqachon yetuk futbolchiga xos ko‘plab sifatlarga ega. Shunga qaramay, u hali ham jamoadoshlari — Ruben Diash, Yoshko Gvardiol, Natan Ake va Jon Stouns kabi tajribali futbolchilardan o‘rganishda davom etmoqda.

Premyer Ligadagi ilk o‘zbekistonlik

2025 yil yanvar oyida “Manchester Siti”ga qo‘shilgan Husanov Angliya Premyer Ligasida to‘p surgan ilk o‘zbekistonlik futbolchi sifatida tarixga kirdi. Oradan ko‘p o‘tmay, u Angliyada sovrin yutgan birinchi o‘zbek futbolchisiga ham aylandi.

Dastlabki uchrashuvlarda til muammosi va hayajon sababli “Chelsi”ga qarshi bahsda qiyinchiliklarga duch kelgan futbolchi keyingi o‘yinlarda barqarorlik namoyish etdi. Husanov debyut uchrashuvi haqida shunday degan:

“Men xotirjamlikni saqladim. O‘yingacha bir oylik tanaffusim bor edi va jamoa bilan atigi bir marta mashg‘ulot o‘tkazgandim. Pepdan juda minnatdorman – u men bilan individual ishladi va o‘yinning har bir detalini tushuntirib berdi. Biz bosqichma-bosqich ishlayapmiz”.

Murabbiylar va ekspertlar e’tirofi

Mashhur mutaxassis Arsen Venger Husanov haqida shunday fikr bildirgan:

“Murabbiylar u kabi futbolchilarni yaxshi ko‘rishadi – ortiqcha manmanliksiz va dramasiz, sof himoya”.

“Manchester Siti” bosh murabbiyi Pep Gvardiola esa futbolchining rivojlanishini alohida ta’kidladi:

“U ingliz tilida Uilyam Shekspir kabi gapirmasligi mumkin, lekin borgan sari yaxshilanmoqda. U juda aqlli futbolchi”.

Gvardiola Husanovga hatto “Real Madrid”ga qarshi muhim uchrashuvlarda ham ishonch bildirdi.

Jurnalist Henry Uinter esa uni “o‘zbek jangchimiz” deya ta’riflab, futbolchining xarakteriga yuqori baho berdi.

“O‘zbekistonlik olmos”ning ko‘rsatkichlari

The Athletic nashri Husanovni dunyoning eng yetarlicha baholanmagan futbolchilari ro‘yxatiga kiritgan. Uning asosiy ustunliklari sifatida tezlik, o‘yinni o‘qish qobiliyati va to‘p uchun agressiv kurash olib borishi qayd etilgan.

Fransiyada u “tank” laqabi bilan tanilgan bo‘lsa, O‘zbekistonda “poyezd” nomi bilan mashhur.

Sobiq jamoadoshi Kevin Danso uning salohiyatini yuqori baholab, “Agar Husanov top-ligadan chiqqanida, uning narxi 100 million yevro bo‘lardi”, degan edi.

Shuningdek, futbolchi yanvar va mart oylarida “Etihad”da oyning eng yaxshi futbolchisi deb topildi.

Kelajak maqsadlari

Yaqinda ota bo‘lgan Abduqodir Husanov klub bilan katta muvaffaqiyatlarga erishishni maqsad qilgan.

“Ushbu klubda o‘ynayotganimdan faxrlanaman. Muxlislarimizning qo‘llab-quvvatlashi biz uchun juda muhim. Ularga ko‘proq sovrinlar sovg‘a qilishni istaymiz. Mening orzum – jamoa bilan Chempionlar Ligasida g‘olib chiqish”, deydi Husanov.

Shuningdek, Husanovning ismi ma’nosiga alohida urg‘u berilib, uning ko‘rsatayotgan o‘yini bunga to‘liq mos kelishi ta’kidlangan.

“Abduqodir ismi o‘zbek tilida "qudratli", “hamma narsaga qodir" degan ma’nolarni anglatadi. Uning bugungi o‘yinlari esa bu nom bejiz tanlanmaganini yana bir bor tasdiqlamoqda”, deyiladi maqola yakunida.

Ma’lumot uchun, joriy mavsumda o‘zbekistonlik futbolchi barcha turnirlar doirasida 29 ta o‘yin o‘tkazdi. 2025 yil fevral, 2026 yil yanvar va mart oyi yakunlariga ko‘ra, u “shaharliklar”ning eng yaxshi futbolchisi deb topilgan.

Kiritildi: 23:47 02.04.2026. O'qildi: 188 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!