O‘zbekiston futbolining iqtidorli yoshlari xalqaro maydonda o‘zini ko‘rsatish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda. “Paxtakor” klubi hujumchisi Saidumarxon Saidnurullayev hamda “Surxon” safida to‘p suruvchi ikki yosh futbolchi — Behruz Karimov va Behruz Shukurullayev Angliyaning mashhur “Kuinz Park Reynjers” (KPR) klubida ko‘rikdan o‘tish uchun Londonga yo‘l olishdi.
Toshkent-Istanbul orqali Londonga yo‘l olgan bu uchlik futbolchi ikki hafta mobaynida KPR yig‘inida ishtirok etadi.
Bu jamoa 1882 yilda tashkil topgan bo‘lib, Angliya Chempionshipida (APLdan pastki divizion) ishtirok etadi. Jamoa o‘z uchrashuvlarini “Loftus Roud” stadionida o‘tkazadi. Mutaxassislar rahbarligidagi ushbu yig‘in yosh futbolchilarning kelajakdagi professional faoliyati uchun katta imkoniyat bo‘lishi mumkin.
Saidnurullayev 2005 yilda tug‘ilgan bo‘lib, “Paxtakor” akademiyasi tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. U bu mavsum O‘zbekiston kubogida 1 ta o‘yinda ishtirok etib, 2 ta gol urdi va 1 ta assist qayd etdi. Uning maydondagi harakatlari ko‘plab mutaxassislarning e’tiborini tortgan.
Behruz Shukurullayev esa 2006 yilda tug‘ilgan chap qanot futbolchisi bo‘lib, “Odil Ahmedov” akademiyasida tajriba orttirgan. U “Surxon” safida 4 uchrashuvda maydonga tushgan.
Karimov 2007 yilda tug‘ilgan, o‘ng qanot himoyachisi. U ham “Odil Ahmedov” akademiyasining tarbiyalanuvchisi va joriy mavsumda 6 ta o‘yinda qatnashgan.
Ushbu uch futbolchi “Football Group” agentligi orqali London safarini amalga oshirmoqda. Mazkur agentlik nafaqat yoshlarni, balki Abduqodir Husanov kabi yetakchi futbolchilarni ham xalqaro maydonda himoya qilib kelmoqda.