Vatanimizning turli davrlarida jahonshumul sivilizasiyalar, yirik imperiyalar, havas qilsa arzigulik shaharlar va bebaho me’moriy obidalar vujudga kelgan. Ayniqsa, buyuk ajdodlarimiz qoldirgan bebaho madaniy meros durdonalari bugun nafaqat yurtimizda, balki dunyoning turli nuqtalari, xorij to‘plamlari, jamg‘armalari, kutubxona va muzeylarida saqlanmoqda. Bugungi kunda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan ana shunday noyob madaniy meros yodgorliklarini yurtga qaytarish jarayonlari amalga oshirilmoqda. O‘zbekistondagi Islom sivilizasiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqovning quyidagi maqolasida ana shu haqda so‘z boradi.
Ajdodlarimizdan yetib kelgan boy madaniy merosni asrab-avaylash, o‘rganish va uni ommalashtirish bo‘yicha keyingi yillarda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbuslari bilan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Davlatimiz rahbarining buyuk g‘oyalari asosida bunyod etilayotgan O‘zbekistondagi Islom sivilizasiyasi markazida qurilish ishlari yakuniy bosqichga kirgan.
Davlat rahbarining yuksak e’tibori
Shu paytga qadar Prezidentimiz tashabbuslari bilan O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati tomonidan jahonning turli hududlariga tarqalgan ana shu merosimizni o‘rganish bo‘yicha 30 ga yaqin mamlakatdagi 200 dan ortiq muzey, kutubxona va kolleksiyalar o‘rganib chiqildi. Ushbu izlanishlar natijasi sifatida “O‘zbekiston madaniy merosi” turkumida 80 jilddan iborat kitob-albom chop etildi.
Biroq, bu tarixiy merosni asl vataniga – O‘zbekistonga qaytarish mumkin bo‘larmikin, degan savol ko‘pchilikka tinchlik bermagani tabiiy. Bugun Prezidentimizning tashabbuslari va ko‘magi bilan O‘zbekistondagi Islom sivilizasiyasi markazi misolida ana shu orzular amalga oshmoqda.
Joriy yilning 29 yanvar kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Islom sivilizasiyasi markaziga tashrif buyurib, ushbu markazning muhim maqsad va vazifalariga alohida to‘xtalgan, jumladan, uning ekspozisiyalarini xalqimizning boy madaniy merosi namunalari bilan boyitish, xorijdagi yirik kolleksiyalar, auksion uylari orqali shu osori-atiqalarni yurtimizga qaytarish bo‘yicha alohida topshiriq bergan edi.
O‘tgan davr mobaynida Saudiya Arabistoni, Kuvayt, Malayziya, Turkiya, Buyuk Britaniya, Italiya, Germaniya va Rossiyadagi 50 dan ziyod kutubxona, muzey, shaxsiy kolleksiyalar bilan tanishdik. Jumladan, bir qator olim va tadqiqotchilardan iborat hay’atning Buyuk Britaniyaga qilgan xizmat safarlari ham samarali kechdi.
Ma’lumki, Buyuk Britaniya yirik muzeylari, ma’rifat maskanlari, auksion markazlari bilan ham dong taratgan. Xususan, “Sotbis”, “Kristis” auksion uylari shu yo‘nalishda faoliyat ko‘rsatuvchi eng yirik savdo tashkilotlaridan sanaladi. Har ikki auksiondan, shuningdek, shaxsiy kolleksioner va art-galereyalardan O‘zbekistondagi Islom sivilizasiyasi markazi uchun jami 600 ga yaqin tarixiy buyum sotib olindi.
So‘g‘d matolarining eng katta kolleksiyasi
Bu buyumlar orasida qadimgi So‘g‘d hududiga taalluqli osori- atiqalar haqida alohida to‘xtalib o‘tish joiz.
Bundan uch yil avval Samarqandda o‘tkazilgan xalqaro kongressda Malayziya islom san’ati muzeyi vakillarining O‘zbekiston hududiga tegishli bo‘lgan so‘g‘d chakmoni haqida bergan ma’lumoti katta shov-shuvga sabab bo‘lgandi. Rossiya Davlat ermitajida saqlanayotgan so‘g‘dlar davriga oid metall idishlarga ham havas bilan qaraganmiz. O‘zimizda ana shunday nodir eksponatlar yo‘qligidan afsuslanganmiz.
Zotan, mamlakatimiz hududida ming yillar davomida turli millat va elatlar yashagan. Tarixiy jarayonlar natijasida o‘zbek xalqining shakllanishida muhim o‘rin egallagan qavmlardan biri –so‘g‘diylar jahon madaniyatida munosib iz qoldirgan.
Endilikda ajdodlarimiz mehnati va tafakkuri mahsuli bo‘lgan bu osori-atiqalar bilan tanishish uchun O‘zbekistondagi Islom sivilizasiyasi markaziga kelishning o‘zi kifoya. Bugun Britaniya kolleksiyalaridan sotib olingan so‘g‘d to‘qimachiligi mahsuli Markaz ekspozisiyasini bezab turibdi. Bu buyumlar o‘z qiymati va qamroviga ko‘ra, jahondagi eng yirik so‘g‘d matolari kolleksiyasini tashkil qiladi.
Mazkur to‘plamdagi 25 ta nodir eksponatning 21 tasini turli kattalikdagi mato parchalari, to‘rttasini butun choponlar tashkil qiladi. Buyuk Britaniyadagi qator art-dilerlar va kolleksionerlardan sotib olingan bu matolar V-VIII asrlarda So‘g‘diyona hududlarida to‘qilgan.
Saljuqiylar kuch-qudrati timsoli
Markaziy Osiyo, xususan, Sirdaryoning quyi havzalaridan to Onado‘liga qadar ulkan hududlarda saltanat qurib, uch asrdan ziyodroq vaqt mobaynida hukmronlik qilgan Saljuqiylar o‘zlaridan juda katta moddiy va madaniy meros qoldirgan. Bugungi kunda jahon muzeylari, shaxsiy kolleksiyalar, qo‘lyozmalar markazlarida ushbu sulola davri bilan bog‘liq tarixiy meros salmoqli o‘rin tutadi.
Shu yilning may oyida Londondagi “Kristis” savdo uyi tomonidan savdoga chiqarilgan saljuqiylar davri zargarlik namunalari ham O‘zbekistonga qaytarib kelindi. 35 ta bejirim taqinchoqni o‘z ichiga olgan bu to‘plam bundan sakkiz asr ilgari ajdodlarimiz zargarlik san’ati va dizayn sohasida ham peshqadam bo‘lganlaridan dalolat beradi.
Saljuqiylar saltanati va kuch-qudrati ramzi bo‘lgan shohona tug‘ro ham O‘zbekistonga qaytarildi. U harbiy yurishlar chog‘ida sultonlar chodirining eng yuqori qismida o‘rnatilgan. E’tiborlisi, unda ikki boshli burgut tasviri aks etadi.
Burgut qadimdan hokimiyat, kuch va davlatchilik g‘oyasining asosiy ramzi sifatida talqin qilingan. Saljuqiylar davrida esa u saltanatning siyosiy qudrati, Sharq va G‘arbga hukmronligini anglatgan. Ta’kidlash joizki, bunday durdonalar Markaziy Osiyo mamlakatlarining hech birida uchramaydi. Shuningdek, Somoniylar, G‘aznaviylar, Qoraxoniylar, Xorazmshohlar singari mintaqamizdan yetishib chiqqan va dunyoning katta hududlariga dovruq solgan sulolalarga tegishli osori-atiqalar ham birinchi bo‘lib bizning o‘lkamizga olib kelinmoqda.
Sohibqiron Qur’onining bir bo‘lagi
Shuni faxr bilan ta’kidlash joizki, Amir Temur va temuriylarga tegishli tarixiy buyumlar dunyo antikvariat bozorida benihoya qadrlanadi. Yaqinda “Kristis” savdo uyi o‘tkazgan bir kimoshdi savdosida Shohrux Mirzo davriga tegishli bo‘lgan “Me’rojnoma” asarining bir sahifasi 2 million funt-sterlingdan oshiq narxda sotilganidan xabar topdik.
Shu bois, biz ham Sohibqiron Amir Temur va temuriylar davriga oid osori-atiqalarni yurtimizga qaytarishga astoydil bel bog‘ladik. Ular orasida Amir Temur topshirig‘iga ko‘ra 1400 yillarda Samarqandda xattot Umar Aqta’ ko‘chirgan ulkan Qur’oni karimning bir parchasini alohida ta’kidlash joiz.
Rivoyatlarga ko‘ra, Umar Aqta’ dastlab Sohibqiron uchun uzukning ko‘zidan joy oladigan kichik hajmdagi Qur’on nusxasini ko‘chiradi. Ammo buyuk hukmdor bu kichkina nusxa muazzam Kalomulloh sha’niga munosib emasligi, aksincha uning muhtashamligi va buyukligini ko‘rsatish lozimligini aytgach, xattot qisqa muddatda jahondagi eng katta Qur’oni karim nusxasini hozirlaydi.
Nihoyat, Sohibqironning shaxsiy mulki bo‘lgan ushbu Qur’oni karim nusxasining ikkita satrini qaytarishga muvaffaq bo‘ldik. Holbuki, mamlakatimizda bevosita Amir Temurga tegishli tarixiy ashyolar qolmagan edi.
Bundan tashqari Markazimizga Amir Temur davriga oid shohona chopon, Ibn Sinoning Husayn Boyqaro hukmdorligi davrida Hirotda ko‘chirilgan “Kitob ush-shifo” asari, Boburiylar davriga oid miniatyuralar, hujjatlar, tekstil namunalari, qilich va xanjarlar ham O‘zbekistondagi Islom sivilizasiyasi markazi mulkiga aylandi.
Boburiylar merosi Vatanga qaytmoqda
Hindistonda uch yarim asrga yaqin hukmronlik qilgan Boburiylar jahon tarixi va madaniyatida munosib o‘rin egallagan. Afsuski, Boburiylarning ona Vatanida shu paytga qadar ularga tegishli na bir qo‘lyozma, na tayinli eksponatni ko‘rish imkoni yo‘q edi. Endilikda, muhtaram Prezidentimiz ko‘rsatmalariga asosan Boburiylar davriga oid o‘nlab eksponatlar yurtga qaytmoqda.
Shu paytga qadar bu sulola davrida yaratilgan ikkita Qur’on qo‘lyozmasi, Jaloliddin Rumiyning “Masnaviyi ma’naviy” asari, boburiy hukmdorlar va shahzodalarning 10 ga yaqin miniatyuralari, kashtachilik va tekstil namunalari O‘zbekistondagi Islom sivilizasiyasi markaziga keltirildi. Ular orasida tarixchi olimlar Mirzo Boburga shaxsan tegishli ekanini ta’kidlayotgan xirqa ham bor.
Ma’lumki, Qur’oni karimdan turli duolar bitilgan bunday liboslar hukmdorlar uchun maxsus tikilgan. Xirqa matosida o‘nlab oyatlar va duolar xattotlik san’atining yuksak namunasi sifatida joylashtirilgan. O‘zbekistondagi Islom sivilizasiyasi markaziga tashrif buyuruvchilar Bobur Mirzoning shaxsiy dastxati, u yaratgan maxsus alifboda ko‘chirilgan Qur’oni karim nusxasini ham ko‘rishlari mumkin.
Jahon nigohidagi xazinamiz
7-8 iyul kunlari O‘zbekistondagi Islom sivilizasiyasi markazi, O‘zbekistonning Buyuk Britaniyadagi elchixonasi hamkorligida “Sotbis” va “Kristis” auksion markazlarida Londonda mazkur artefaktlarning ko‘rgazmalari tashkil qilindi.
–Mamlakatingiz va xalqingizga tegishli bo‘lgan bebaho boylikning bir qismi qaytarilayotgani O‘zbekiston Prezidenti shaxsiy tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan muhim madaniy hodisa bo‘lib, yosh avlodni ilhomlantirishga qaratilgan. O‘z merosini qaytarishga yo‘naltirilgan bunday amaliy qadriyatlar madaniy uyg‘onish uchun mustahkam zamin bo‘lib xizmat qiladi, – dedi “Kristis” savdo uyi Vasiylik kengashi faxriy raisi, Snoudon grafi, Qirollik xonadoni vakili Devid Armstrong-Jons.
–O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan barpo etilayotgan O‘zbekistondagi Islom sivilizasiyasi markazi bilan hamkorlik qilish biz uchun katta sharaf, – dedi “Sotbis” savdo uyining Sharq merosi bo‘yicha vakili Benedikt Karter. – Markaziy Osiyo tarixida alohida ahamiyatga ega bo‘lgan yodgorliklarning Vataniga qaytishiga ko‘maklashganimizdan mamnunmiz.
Mazkur safar asnosida Londondagi taniqli art-dilerlar, savdo uylari vakillari bilan kelishuvlarga erishildi. Natijada Markaz muzeyi ekspozisiyasi uchun auksion va art-dilerlar kolleksiyalaridan yana 600 ga yaqin eksponat saralandi. Bu ro‘yxat mamlakatimiz hukumati topshirig‘iga ko‘ra tuzilgan nufuzli Markaz ilmiy kengashi a’zolari tomonidan ma’qullandi.
Xabaringiz bor, 19 fevral kuni yurtimizga kelgan Saudiya Arabistoni Podshohligi haj va umra ishlari vaziri Tavfiq bin Favzon ar-Rabia Prezidentimizga Ka’ba yopinchig‘i – Kisvaning bir parchasini topshirdi. Davlatimiz rahbari topshirig‘iga ko‘ra, ushbu nodir tuhfa O‘zbekistondagi Islom sivilizasiyasi markaziga keltirildi. Ka’ba eshigining yopinchig‘i shu yilning yoz oylarida Prezidentimiz tashabbuslari bilan Saudiya Arabistonidan olib kelindi. Ayni paytda bu nodir eksponat birinchi Renessans ekspozisiyasida, Islom dinining Markaziy Osiyoga yoyilishi bo‘limida joylashtirildi.
“O‘zbekiston ulug‘ tarixga ega...”
Joriy yilning 29 avgust kuni Prezidentimizning poytaxtimizda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishish asnosidagi tashrifi markazimiz tarixidagi unutilmas voqealardan biri bo‘ldi. Davlatimiz rahbari bu yerdagi jarayonlar bilan tanisharkan, yakuniga yetayotgan markaz qurilishi yuzasidan qimmatli maslahat va tavsiyalar berdi.
–O‘zbekiston ulug‘ tarixga ega. Buyuk ajdodlarimiz tomonidan yaratilgan ilmiy va madaniy meros insoniyat tarixida o‘chmas iz qoldirgan, – dedi Prezidentimiz. – Bu markaz bilan tanishgan har bir xorijlik mehmon shunday buyuk tarix va madaniyatga ega bo‘lgan o‘zbek xalqiga ta’zim bilan chiqib ketishiga ishonaman.
Darhaqiqat, davlatimiz rahbarining ushbu fikrlarini Markazga tashrif buyurayotgan mehmonlarning taassurotlari ham tasdiqlab turibdi. Mazkur tashrifdan hali ko‘p o‘tmay turib, sentyabr oyining birinchi o‘n kunligida xorijiy mamlakatlardan uchta yirik hay’at tashrif buyurdi. Jahonning turli davlatlaridan kelgan martabali mehmonlar Markaz bilan tanishib, chindan ham xalqimizning bunyodkorligi va tafakkuriga, davlat rahbarining tashabbuslariga tan berib ketishmoqda.
O‘tgan haftada AQSh Prezidentining global sheriklik bo‘yicha maxsus vakili Paolo Zampoli Markazimizga tashrif buyurib, bu yerda amalga oshirilgan ishlarga yuqori baho berdi.
–Prezident Janobi Oliylarini men buyuk yetakchi, halollik timsoli, tinchlik elchisi va O‘zbekistonning uyg‘onish davridagi chinakam lideri sifatida ko‘rdim, – dedi Paolo Zampoli janoblari.
Yaqinda Rossiyaning Sankt-Peterburg shahri gubernatori Aleksandr Beglov, Turkiyaning yetakchi “Adolat va taraqqiyot” partiyasi raisi o‘rinbosari Zafer Sarikaya ham O‘zbekistondagi Islom sivilizasiyasi markaziga tashrif buyurdi.
Aleksandr Beglov markaz faoliyati bilan tanisharkan, “faqat buyuk davlat rahbarlarigina o‘z Vatanining barhayot merosini o‘rganish va saqlash uchun ana shunday ulug‘ ishlarni amalga oshirishga qodir” degan fikrlarni bildirdi.
Turkiyalik mehmon esa, O‘zbekistondagi Islom sivilizasiyasi markazi turkiy tilli mamlakatlar uchun ham faxru iftixor manbai ekanini ta’kidlab, ana shunday ezgu ishlarning boshida turgan Davlat rahbari – Shavkat Mirziyoyevdan benihoya minnatdor ekanini aytdi.
Zotan, O‘zbekistondagi Islom sivilizasiyasi markazi – Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan iqtisodiy va madaniy islohotlarning yorqin natijasidir.
Ezgu maqsadlarga kamarbastalik
Ayni paytda O‘zbekistondagi Islom sivilizasiyasi markazining to‘laqonli faoliyatini tashkil etish, uning ichki kontentini boyitish masalasi nafaqat umumilliy, balki xalqaro miqyosdagi megaloyihaga aylangan.
Ta’kidlash joiz, ana shu masalada 2024 yil yoz oylarida 600 dan ortiq olimlarimiz qatnashgan birinchi respublika forumi hamda 500 ga yaqin xorijiy olim ishtirokida xalqaro kongress tashkil qilingan edi. Ushbu anjumanlar yakuni bo‘yicha olimlar davlatimiz rahbariga tashakkurnoma yo‘llab, ilm-fan, ma’rifat, O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish va targ‘ib etishda kamarbasta bo‘lish, bir tan, bir jon bo‘lib harakat qilishga so‘z berdi. O‘z navbatida. Prezidentimiz ham Kongress ishtirokchilariga qaratilgan murojaatida biz bilan hamkorlik qilayotgan barcha olimlar uchun O‘zbekistondagi Islom sivilizasiyasi markazi eshiklari har doim ochiq ekanini ta’kidladi.
Albatta, yuqorida zikr qilingan misollar amalga oshirilpyotgan ishlarning kichik bir qismi xolos. Markazda tashkil qilinayotgan ekspozisiyalar, kutubxonalar, konferensiya zali, laboratoriya, xalqaro tashkilotlar vakillari uchun maxsus xonalar, mahalliy va xorijiy olimlar uchun ilmiy platforma, bolalar hududi, xattotlik maktabi va boshqa jihatlar xususida ham uzoq gapirish mumkin.
Ayni paytda bugun biz – 1500 kishilik olim va ekspertlar jamoasi O‘zbekistondagi Islom sivilizasiyasi markazi Vasiylik kengashi, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi, tegishli idora va tashkilotlar bilan hamkorlikda ekspozisiyalarimizni boyitish maqsadida 800 dan ortiq ilmiy innovasion loyihalar ustida ish olib boryapmiz va bu yirik loyihani amalga oshirishda ishtirok etayotganimizdan benihoya baxtiyormiz.
O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, xalqimizning jahon sivilizasiyasida tutgan o‘rnini namoyon qilishga qaratilgan bu yuksak e’tibor va g‘amxo‘rlik, yaratilgan shart-sharoit uchun Prezidentimizga minnatdorlik bildiramiz. Ishonamizki, O‘zbekistondagi Islom sivilizasiyasi markazi kelgusi avlodlar uchun ham milliy iftixorimiz, ma’naviy yutuqlarimiz ramzi bulib qoladi.
Firdavs ABDUXOLIQOV,
O‘zbekistondagi Islom sivilizasiyasi markazi direktori