Sug‘orish kanallaridagi barcha suv olish nuqtalariga turbulent oqimli gidroturbinalarni o‘rnatish natijasida 1,1 million uy xo‘jaligini sof elektr energiyasi bilan ta’minlash mumkin. Bu jami uy xo‘jaliklarining 15% ini tashkil etadi.
Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti (PMTI) mutaxassislari O‘zbekistondagi suv resurslaridan energiya olish imkoniyatlarini baholadi.
Muzliklar, daryolar, ko‘llar, suv omborlari, transchegaraviy daryolar va yerosti suvlari O‘zbekistonning gidroenergetika salohiyati manbaidir.
Tahlil natijalari shuni ko‘rsatadiki, O‘zbekistondagi daryo oqimlarining nazariy gidroenergetika salohiyati yiliga 88,5 mlrd. kVt•soatni, texnik gidroenergetika salohiyati esa 27,4 mlrd. kVt•soatni tashkil etadi. Hozir ushbu salohiyatning qariyb 24% idan foydalanilmoqda.
Gidroenergetika sohasida yiliga o‘rtacha 6 mlrd.kVt•soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi. Uning aholi jon boshiga ulushi 168 kVt•soatni tashkil etadi.
Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanidagi Piskom daryosi respublika bo‘yicha o‘rganilgan suv oqimlarining eng katta salohiyatiga – 1 324 MVt quvvatga ega. Bu O‘zbekistondagi mavjud gidroenergetika resurslarining 45,3% i demakdir.
2022-yilda jami elektr energiyasining 9% i (6,5/74,3 mlrd.kVt•soat) va amaldagi quvvatlarning qariyb 12,9% i (2 072/16 030 MVt) gidroelektr stansiyalari tomonidan ishlab chiqarilgan.
Tadqiqot davomida hududlarning gidroenergetika reytingi tuzib chiqildi. 14 ta hududdan 9 tasida gidroelektr stansiyasi mavjud. Reyting bo‘yicha 1-o‘rinni Toshkent viloyati egalladi. Buxoro, Jizzax va Farg‘ona viloyatlarida reytingdagi o‘rnini yaxshilash imkoniyati mavjudligi aniqlandi. Kelajakda hududlarda xususiy investorlar tomonidan quvvati 500 kVtgacha bo‘lgan mitti gidroelektr stansiyalarini qurish va qo‘shimcha 202,7 million kVt•soat elektr energiyasi ishlab chiqarish mumkin.
BMTning sanoat rivojlanishi bo‘yicha tashkiloti (UNIDO)ning kichik gidroenergetikani rivojlantirishga oid hisobotida Indoneziyada 13 kVt quvvatga ega turbulent oqimli mitti gidroelektr stansiyaning samaradorligi namoyish etildi. Yangi turbina 1,5 m3/s oqim va 1,7 m balandlik uchun mo‘ljallangan. Mahalliy energiyaning bir kVt•soati narxi 0,08 va Elektr energiyasining me’yorlashtirilgan qiymati - LCOE (levelized cost of energy) 0,04 AQSh dollariga teng. Turbina umumiy investisiya xarajatini olti yilda qoplaydi.
Ekspert baholash natijalariga ko‘ra, mahalliy sharoitda turbina xaridi, 300 m3 temirbeton ishlari va 100 kVtli turbulent oqimli mitti GESni ishga tushirish uchun 230 ming AQSh dollari miqdorida pul mablag‘i sarflanadi. Ushbu qurilma eng yuqori quvvatda ishlaganda yiliga 864 ming kVt•soat, mavsumiy suv oqimida ishlaganda esa yiliga 576 ming kVt•soat elektr energiyasini ishlab chiqaradi. “Yashil” tariflar qo‘llanilib, barcha soliqlar va to‘lovlardan ozod qilinganda loyiha o‘zini 5-7 yilda qoplaydi.
Hududlarda innovasion texnologiyalar (suv to‘lqinlari, turbulent oqimli gidroturbina, shnekli turbinalar) dan foydalangan holda qo‘shimcha elektr energiyasini ishlab chiqarish imkoniyatlari bor. Misol uchun, sug‘orish kanallaridagi barcha suv olish nuqtalariga (18,5 ming dona) turbulent oqimli gidroturbinalarni o‘rnatish natijasida 1,1 million uy xo‘jaligini sof elektr energiyasi bilan ta’minlash mumkin. Bu jami uy xo‘jaliklarining 15% ini tashkil etadi.