– Ushbu kelishuv O‘zbekiston va AQSh o‘rtasida muzey ashyolari va madaniy boyliklarning noqonuniy aylanishining oldini olish va qaytarish bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirish uchun asos bo‘lib xizmat qiladi, – deydi Bahodir Abdikarimov. – Bitim arxeologik va etnologik materiallarni talon-toroj qilishning oldini olish va maxsus ro‘yxatga kiritilgan ob’ektlarni olib kirishga cheklovlarni belgilaydi. Shuningdek, ushbu yo‘nalishda mutaxassislar tayyorlash va malakasini oshirish ta’minlanadi hamda ikki mamlakat o‘rtasida moddiy madaniy merosni targ‘ib qilishga qaratilgan qo‘shma ko‘rgazmalar o‘tkazishga zamin yaratadi.
– Bugun tarixiy kun. Chunki O‘zbekiston Markaziy Osiyoda AQSh bilan madaniy boyliklar to‘g‘risidagi bitimni imzolagan birinchi davlat bo‘ldi, –dedi Jonatan Henik. – AQSh O‘zbekistondan tashqari dunyoning yana 25 ta mamlakati bilan shu kabi shartnomalar tuzgan. Madaniy meros, san’at va san’at asarlarini muhofaza qilish oson ish emas. Shuning uchun ham ushbu kelishuv bugungi kunda juda muhim qadamdir. O‘zbekistondagi madaniy meros ob’ektlarini himoya qilish va qayta tiklash uchun AQSh hukumati 1 million dollar ajratdi. Biz O‘zbekistondagi madaniy merosni himoya qilish va uning boy tarixini dunyoga namoyish etish borasidagi sa’y-harakatlarga hamkorlik qilish istagidamiz.