«O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan diplomat» unvoni ta’sis etiladi.
Jahonda bo‘layotgan geosiyosiy o‘zgarishlar, xalqaro munosabatlar tizimidagi beqarorlik, mintaqaviy qarama-qarshiliklar va global iqtisodiy transformatsiyalar har bir davlatdan tashqi siyosatni doimiy ravishda qayta ko‘rib chiqishni, uni milliy manfaatlar va zamon talablariga moslashtirib borishni taqozo qilmoqda.
«So‘nggi yillardagi ochiq, pragmatik va muvozanatli tashqi siyosatimiz natijasida O‘zbekistonning xalqaro maydondagi o‘rni va nufuzi oshib bormoqda. Shu bilan birga, global xavfsizlik arxitekturasidagi o‘zgarishlar, yangi iqtisodiy ittifoqlar, savdo yo‘nalishlari, texnologiyalar va energiya bozorlaridagi transformatsiyalar tashqi siyosatimizdan yanada faol, aniq maqsadli va natijaga yo‘naltirilgan yondashuvni talab etmoqda», – dedi Prezidentimiz.
Shu munosabat bilan O‘zbekiston Respublikasining Tashqi siyosat faoliyati konsepsiyasini yangilab, uning ustuvor yo‘nalishlarini qayta ko‘rib chiqish, milliy manfaatlarni himoya qilish va xalqaro maydonda mamlakatimizning o‘rnini mustahkamlashga qaratilgan aniq vazifalarni belgilab olish zarurligi ta’kidlandi.
«Yangi konsepsiya mamlakatimizning uzoq muddatli strategik maqsadlarini, ichki islohotlarimiz mantig‘ini, iqtisodiy diplomatiya, xavfsizlik, investisiya, eksport, transport-logistika, suv va iqlim masalalaridagi milliy manfaatlarimizni yaxlit va o‘zaro bog‘liq holda aks ettirishi lozim», – dedi davlatimiz rahbari.
Ishlarni samarali tashkil qilish uchun elchixonalarning har biriga yiliga qo‘shimcha 100-200 ming dollardan mablag‘ berilishi belgilandi. Diplomatlarimizning xizmatlarini munosib e’tirof etish maqsadida «O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan diplomat» faxriy unvonini ta’sis etish taklif etildi.