O‘zbekistonda vaqtinchalik savdo inshootlari uchun yagona arxitektura standarti joriy etiladi. 2025 yil 1 oktyabrdan boshlab yerdan noqonuniy foydalanayotgan tadbirkorlar faoliyati to‘xtatiladi yoki qurilmalar buziladi.
O‘zbekiston hukumati 2025 yil 31 iyuldagi 478-son qarori bilan mamlakatda vaqtinchalik savdo inshootlarini tartibga solish bo‘yicha yangi rejani tasdiqladi. Unga ko‘ra, mavjud kichik arxitektura shakllari va ko‘cha savdosi holati to‘liq qayta ko‘rib chiqiladi hamda noqonuniy qurilgan ob’ektlar aniqlanadi, deb xabar bermoqda UzA.
Inspeksiya ikki bosqichda amalga oshiriladi: 1 sentyabrgacha shahar va tumanlar markaziy ko‘chalaridagi, 1 oktyabrgacha esa qolgan hududlardagi ob’ektlar tekshiriladi. Shu muddatdan boshlab, yerdan huquqiy asossiz foydalanayotgan tadbirkorlar faoliyatini to‘xtatish yoki rasmiylashtirishga majbur bo‘ladi.
Eng muhim yangiliklardan biri — 2026 yil 1 fevralgacha ishlab chiqiladigan «dizayn-kod» bo‘ladi. Unda vaqtinchalik do‘konlar, pavilyonlar va boshqa inshootlar uchun tashqi ko‘rinish, shahar arxitekturasiga moslik, piyodalarga qulaylik, sanitariya va yong‘in xavfsizligiga oid talablar belgilanadi.
Dizayn-kod tasdiqlanguniga qadar, rasmiy ijara shartnomasi tuzilgan ob’ektlarda hech qanday o‘zgartish va qayta qurishga ruxsat berilmaydi. Agar tadbirkorlar bu talablarga rioya etmasa, bunday ob’ektlar belgilangan tartibda buziladi hamda yangi shartnoma tuzilishi mumkin bo‘lmaydi.
Bundan tashqari, 2025 yil 1 oktyabrdan boshlab tadbirkorlar o‘zlariga tegishli binolarga tutash yerlarda mavsumiy savdo, umumiy ovqatlanish va xizmat ko‘rsatish faoliyatini amalga oshirish uchun pullik ijara asosida yerdan foydalanishi mumkin bo‘ladi. Lekin sog‘liqni saqlash, ta’lim va maktabgacha ta’lim muassasalariga tegishli yerlarda bu amaliyotga yo‘l qo‘yilmaydi.
Mazkur choralar shaharlarning arxitektura ko‘rinishini yaxshilash, xavfsizlikni ta’minlash hamda tadbirkorlikni tartibga solishga qaratilgan. Hukumat fikriga ko‘ra, ortiqcha qurilmalar va beo‘xshov do‘konlar tijorat faoliyatining samaradorligiga ham ta’sir qilmoqda.