Toshkent tibbiyot akademiyasining faxriy professori, akademik Turg‘unpo‘lat Daminov 81 yoshida vafot etdi. Bu haqda Innovasion rivojlanish vazirligi xabar berdi.
Ma’lumot uchun, Turg‘unpo‘lat Daminov 1983 yildan 1990 yilgacha O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi Pediatriya ilmiy-tadqiqot instituti direktori, 1990-2005 yillarda 1-Toshkent davlat tibbiyot instituti rektori, 2005-2012 yillarda Toshkent tibbiyot akademiyasi yuqumli kasalliklar va pediatriya kafedrasi mudiri sifatida faoliyat yuritgan. 2012 yildan shu kungacha Toshkent tibbiyot akademiyasi yuqumli va bolalar yuqumli kasalliklari kafedrasi professori lavozimida lavozimida ishlab kelayotgandi.
Daminov bolalarda uchraydigan gepatitning davomli va surunkali xillari shakllanishini klinik-patogenetik nuqtai nazardan o‘rgangan. Bolalarda uchraydigan B-virusli gepatitning davomli xilini samarali davolash usulini ishlab chiqqab va amaliyotga tatbiq etgan. Ko‘pincha chaqaloqlar o‘limiga sabab bo‘ladigan nafas yo‘llari kasalliklari belgilarini aniqlagan.
1997 yildan O‘zbekiston Oliy Majlisi deputati. O‘zbekiston «Adolat» sosial-demokratik partiyasi Siyosiy kengashining birinchi kotibi (1995 yildan). «O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi» bosh tahrir hay’ati a’zosi (1997 yildan). Polsha tibbiyot fanlari akademiyasi akademigi. «Do‘stlik» ordeni bilan mukofotlangan.
Turg‘unpo‘lat Daminov — pediatr-infeksionist olim, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi (2000 yil), O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan vrach (1980 yildan), tibbiyot fanlari doktori, professor hisoblanadi.