Bugun 26 aprel, 2025 yil, shanba

КИР

O‘zbekistonda Temu platformasi 20 martdan boshlab cheklanadi

O‘zbekistonda Temu platformasi 20 martdan boshlab cheklanadi

O‘zbekistonda Temu platformasidan foydalanish 2025 yil 20 martdan boshlab cheklanadi. Bu haqda Istiqbolli loyihalar milliy agentligi va Soliq qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.

Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 26 dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida elektron tijorat sohasini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorining 2-bandi bilan elektron tijorat operatorlari, xususan, elektron savdo platformalari operatorlari sifatida faqat yuridik shaxslar — O‘zbekiston rezidentlari faoliyat yuritishi mumkinligi belgilangan.

Mamlakat fuqarolariga xizmat ko‘rsatuvchi xorijiy elektron savdo platformalari faoliyatini o‘rganish jarayonida ayrim elektron savdo platformalari tomonidan O‘zbekistonning elektron tijorat, chakana savdo, reklama, shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish, iste’molchilar huquqlarini himoya qilish, mualliflik huquqi va turdosh huquqlar sohasidagi qonun hujjatlari talablariga rioya etmayotgani aniqlangan.

“Tushunmovchiliklarni oldini olish maqsadida, yurtdoshlarimizdan bugungi kundan boshlab Temu platformasida buyurtma bermasliklarini so‘raymiz. Bunda, agar buyurtma bundan oldin amalga oshirilgan bo‘lsa, platformada to‘lovni qaytarishni tashkil etish tavsiya etiladi”, deyiladi rasmiy xabarda.

Agentlik va Soliq qo‘mitasi fuqarolarni O‘zbekiston hududida o‘z faoliyatini mahalliylashtirmagan yoki mamlakatda Soliq qo‘mitasining elektron xizmatlar ko‘rsatuvchi xorijiy kompaniyalar va marketpleyslar ro‘yxatiga kirmagan xorijiy elektron savdo platformalari xizmatlaridan foydalanmaslikka, ehtiyot choralarini ko‘rishga, shaxsiy va boshqa ma’lumotlarni bunday sub’ektlarga bermaslikka chaqirdi.

Kiritildi: 18:20 04.03.2025. O'qildi: 2136 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!