Bugun 13 oktyabr, 2025 yil, dushanba

КИР

O‘zbekistonda siam egizaklari noyob operasiya orqali ajratib olindi

O‘zbekistonda siam egizaklari noyob operasiya orqali ajratib olindi

Operasiya Chirchiqdagi ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazida o‘tkazilgan. Homiladorlikning 33-34-haftasida «kesarcha kesish» yo‘li bilan muddatidan avval dunyoga kelgan siam egizaklari tug‘uruqdan 9 soat o‘tib, shoshilinch ravishda, o‘ta murakkab amaliyot orqali ajratib olindi. Mazkur yuqori texnologik operasiya Respublika perinatal markazi qoshidagi Neonatal xirurgiya markazi rahbari, tibbiyot fanlari doktori, professor Baxtiyor Ergashev boshchiligidagi bir guruh malakali mutaxassislar tomonidan bajarildi.

Homiladorlikning 33-34-haftasida ayolda suv ketish holati kuzatildi. Shu bois tug‘uruq jarayoni shoshilinch ravishda «kesarcha kesish» usulida amalga oshirildi. Chaqaloqlar umumiy vazni 3400 gramm, bo‘yi 41 va 40 santimetr atrofida dunyoga keldi. Egizaklarning tug‘uruqdan keyin ahvoli juda og‘ir edi. Dastlabki tekshiruvda ularning jigar, taloq va buyraklari alohida ekanligi aniqlandi. Biroq siam egizaklari ingichka ichaklar va siydik qopi orqali bir-biriga birlashgan edi. Shuningdek, ko‘rik davomida siydik qopining aniq exo belgilari topilmadi. Egzaklarning birida esa yo‘g‘on ichak aniqlanmadi. Qolaversa, nafas olishdagi muammolar sababli go‘daklarni chuqurlashtirilgan instrumental tekshiruvlardan o‘tkazishning imkoni bo‘lmadi.

— Eng xavfli tomoni shunda ediki, tug‘uruqdan keyin bolalarni birlashtirib turgan terili parda ikki joyidan yorilib, qorin bo‘shlig‘idan suyuqlik chiqa boshladi, — deydi B. Ergashev. — Bu esa bolalar hayoti uchun juda xavfli bo‘lib, qorin bo‘shlig‘i yallig‘lanishining rivojlanish ehtimolini yuzaga keltirardi. Shuningdek, har ikkala qizaloqda ham anorektal anomaliya mavjudligi aniqlandi. Bu ham egizaklarda peritonit rivojlanish xavfini sezilarli darajada oshirardi. Ana shunday qaltis daqiqalarda boshqa tanlov yo‘q — zudlik bilan operasiya qilinmasa, ikkala chaqaloq ham hayotdan ko‘z yumadi. Shuni inobatga olgan holda o‘sha kuniyoq shoshilinch jarrohlik amaliyoti o‘tkazish haqida qaror qabul qilindi.

Egizaklar bir-biridan muvaffaqiyatli ajratib olingan.

Kiritildi: 16:23 09.10.2025. O'qildi: 656 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!