Bugun 28 yanvar, 2026 yil, chorshanba

КИР

O‘zbekistonda issiqxona tashkil etish uchun eng ma’qul hudud qaysi?

O‘zbekistonda issiqxona tashkil etish uchun eng ma’qul hudud qaysi?

Issiqxona faoliyati bilan shug‘ullanadigan tadbirkorlar uchun mahsulotlarni yetarli harorat bilan ta’minlash muhim hisoblanadi. Ayniqsa, qishning sovuq kunlarida issiqxonani isitish ko‘p harakat va xarajat talab qiladi. Bu borada tadbirkorlar uchun eng samarali yechim — qulay hudud tanlashdir. Xususan, Surxondaryo viloyati tabiiy issiq iqlimi, qulay muhit va shart-sharoitlari bilan aynan issiqxonada mahsulot yetishtiruvchilar uchun juda qulaydir.

Tabiiy issiqlik manbai

O‘zbekistonning janubida joylashgan Surxondaryo viloyati yurtimizning eng quyoshli o‘lkalaridan biri hisoblanadi. Hududdagi tabiiy issiqlik esa meva-sabzavotlar, poliz ekinlari va boshqa mahsulotlarning pishib yetilish uchun ayni muddao hisoblanadi. Ayniqsa, quyoshning tabiiy harorati issiqxonalar faoliyatini ancha yengillashtiradi.

“Surxondaryoda sabzavot bo‘ladimi, poliz ekinlarimi, kartoshka yoki karammi, umuman, barcha mahsulotlar boshqa hududlarga qaraganda 20–30 kun oldin pishib yetiladi. Tadbirkorlar uchun eng qulay tomoni, issiqxonalarda alohida isitish tizimi qilish shart emas, hech qanday yoqilg‘isiz ham ekin ekib, daromad olish mumkin”, — deydi dehqon xo‘jaligi rahbari Boboyor Xolboyev.

Kam xarajat, mo‘may daromad

Ayni damda aholining ko‘chatga bo‘lgan talabi 2 barobar oshgan. Bu esa tadbirkorlarga Surxondaryo iqlimidan foydalangan holda aholining ehtiyojini ortig‘i bilan qondirib, issiqxonalardan mo‘may daromad olish imkonini beradi. Ya’ni bu yerda tomorqasi bor va undan unumli foydalangan inson kambag‘al bo‘lmaydi.

“Biz Surxondaryoda hatto anomal sovuqda ham daromad olamiz, ko‘p xarajat ham talab qilinmaydi. Biz –24 daraja sovuqda ham hech narsa yoqmadik, tabiiy issiqlik yetarli bo‘ldi”, — deydi dehqon Akbar Mamatmo‘minov.

Eng qulay lokasiya

“Ayaka” xorijiy korxonasi tomonidan Termizda 12 gektar yerga issiqxona tashkil qilingan. Korxona ijrochi direktori Shokir Safarqulov daromad yaxshi ekanligini, 2–3 mln dollarlik investisiya kirib kelishini aytib o‘tdi. U issiqxona bilan shug‘ullanadigan tadbirkorlarga Surxondaryoga kelishni tavsiya qildi.

Albatta, Surxondaryo viloyatidagi tabiiy issiq iqlim, qulay muhit va shart-sharoit tadbirkorlarga kam xarajat orqali katta miqdorda foyda olish imkonini yaratadi. Bu, ayniqsa, daromadi issiqxona bilan bog‘liq bo‘lganlar uchun eng qulay lokasiyadir.

Kiritildi: Bugun 11:47. O'qildi: 505 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!