24 avgust kuni bosh vazir Abdulla Aripov boshchiligida Xalq ta’limi tizimiga doir videoselektor o‘tkazildi. Bu haqda bloger Isroil Tillaboyev o‘zining Telegram’dagi kanali orqali ma’lum qildi, deb yozmoqda "Daryo".
Ta’kidlanishicha, videoselektorda respublikadagi maktablarni ochish bo‘yicha bir qator masalalar ko‘rib chiqilgan. Xususan, O‘zbekistonda 7 sentyabrdan epidemiologik vaziyat yaxshi bo‘lgan ayrim hududlarda tajriba tariqasida maktablar ochiladi. 14 sentyabrdan esa barcha hududlardagi maktablar faoliyatiga ruxsat beriladi. Maktablar ochilgach, o‘quvchilar «Sinf rejimi» tartibida o‘qishadi. Ya’ni xonama-xona ko‘chib yurmaydi. Barcha o‘qituvchilar koronavirusga test topshiradi, keyinroq virusga qarshi vaksina qilinadi.
Shuningdek, barcha maktablarda izolyasiya xonalari tashkil qilinadi, maktablarning birontasida burjuyka pechkalar qolmaydi.
Yotoqda qoladigan o‘quvchilar (IDUMI) oziq-ovqatlari, albatta, SES nazorati ostida bo‘ladi.
«Kun.uz»ning yozishicha, shu kuni Samarqand viloyatida epidemiyaga qarshi kurashish favqulodda komissiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tgan. Unda nutq so‘zlagan viloyat hokimi Erkinjon Turdimov ta’lim muassasalari rahbariga murojaat qilib, sentyabr oyining ikkinchi yarmida maktablarda ta’lim jarayonini boshlash ishlari o‘rganilayotgani haqida gapirgan va mabodo ta’lim jarayonlari boshlanadigan bo‘lsa, viloyatdagi barcha maktablarda sanitariya qoidalariga mos jihozlarni tayyorlab qo‘yish lozimligini aytgan.
Ma’lumot uchun, maktablarning qachon ochilishi haqida Respublika maxsus komissiyasi ham, Xalq ta’limi vazirligi ham rasman axborot bergani yo‘q.