O‘zbekistonda fuqarolar ayrim dorixonalarda spirt o‘rniga losyon sotilganidan shikoyat qildi. Raqobat qo‘mitasi tomonidan «Sirli mijoz» tadbiri o‘tkazilib, hodisaga aniqlik kiritildi.
O‘rganishlarda 20 dan ortiq dorixonalar qamrab olindi va shundan taxminan 25% spirt so‘ralganda uning o‘rniga losyon berilgani aniqlandi.
Qayd etilishicha, dori vositalarini ishlab chiqarishda GDP sertifikatlari joriy etilib, sifat nazorati kuchaytirilgan davrda ayrim spirt ishlab chiqaruvchilar lisenziya olmagan va spirt o‘rniga losyon ishlab chiqarishni boshlagan. Mazkur holat yuzasidan iste’molchilarga to‘liq ma’lumot berilmagani ularni chalg‘itishga olib kelgan.
Ma’lumot uchun, 70% tibbiy spirt sog‘liqni saqlash sohasida ya’ni: in’eksiyalar oldidan terini ishlov berish, asbob-uskunalarni sterilizasiya qilish, yaralarni davolash, jarrohlik amaliyotlarida qo‘llaniladi.
Losyon esa tarkibida spirt miqdori past bo‘lgan kosmetik mahsulot hisoblanadi va asosan: terini tozalash va ortiqcha yog‘lanishni kamaytirish, kosmetika qoldiqlarini bartaraf etishga mo‘ljallangan.
Shu bois, spirt o‘rniga losyon taklif etilishi kutilgan natijani bermasligi va iste’molchilar sog‘lig‘iga zarar yetkazishi mumkinligi ta’kidlandi.
Natijada, Raqobat qo‘mitasi tomonidan amaldagi iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi qonunchilik talablari buzilishi alomatlari sifatida e’tirof etilib, dorixonaga nisbatan tegishli ish qo‘zg‘atilishiga olib kelishi va bunday holatlarni oldini olish choralarini ko‘rish haqida Farmasevtika mahsulotlari xavfsizligi markaziga tegishli xat chiqarildi.