Bugun 6 iyul, 2025 yil, yakshanba

КИР

O‘zbekistonda axborot va kiberxavfsizlik ta’minlangan 10 ta tashkilot aniqlandi

A A A
O‘zbekistonda axborot va kiberxavfsizlik ta’minlangan 10 ta tashkilot aniqlandi

Kiberxavfsizlik markazi (https://tace.uz/) tomonidan davlat organlari va tashkilotlarida axborot va kiberxavfsizlikni ta’minlash reytingi aniqlandi.

O‘zbekistonda axborot va kiberxavfsizlik ta’minlangan 10 ta tashkilot aniqlandi

Reyting Kiberxavfsizlik markaziga davlat organlari tomonidan axborot va kiberxavfsizlikni monitoring qilish tizimi doirasida taqdim etilayotgan ma’lumotlar asosida baholandi.

Kuni kecha 2020 yil II choragi bo‘yicha monitoring natijalari chop etildi.

Eng yuqori reytingdagi tashkilotlar Top-10 taligiga Adliya vazirligi, Davlat bojxona qo‘mitasi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, qator bank va boshqa tashkilotlar, jumladan, joylardagi ijro hokimiyati organlari kirdi.

Axborot va kiberxavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha tashkilotlarning Top-10 taligi

O‘zbekistonda axborot va kiberxavfsizlik ta’minlangan 10 ta tashkilot aniqlandi

Adliya vazirligi mazkur reytingda 89,7 ball bilan birinchi o‘rinni egalladi.

Ta’kidlash joiz, Adliya vazirligiga O‘zbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi (Lex.uz), Me’yoriy-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish va kelishishning yagona elektron tizimi (Project.gov.uz), me’yoriy-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portali (Regulation.gov.uz), “Notarius” avtomatlashtirilgan axborot tizimi (E-notarius.uz), nodavlat notijorat tashkilotlari portali (E-ngo.uz), Davlat xizmatlari portali (Davxizmat.uz), “Intellektual mulk” axborot-qidiruv tizimi singari va boshqa yirik axborot resurslari tegishli.  

Adliya organlari va muassasalarida axborot tizimlarining uzluksiz ishi, “Elektron hukumat”ni rivojlantirish, shuningdek, axborot va kiberxavfsizlik talablariga rioya etilishi Axborot-kommunikasiya texnologiyalarni rivojlantirish markazi tomonidan ta’minlanadi.  

Barcha adliya organlari va muassasalari veb-saytlari O‘zbekiston Respublikasining “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida”gi qonuni talablariga muvofiq faoliyati yuritmoqda. 

Adliya vazirligi, shuningdek, mashhur ijtimoiy tarmoqlar va messenjerlar imkoniyatlaridan ham faol foydalanmoqda. Xususan, “Huquqiy axborot”, “Pravovaya informasiya” va “LegalInfo” telegram-kanallari faoliyat yuritib, ularda davlat, rus va ingliz tillarida tezkor ravishda qonunchilikdagi o‘zgarishlar, huquqiy islohotlar, qabul qilinayotgan me’yoriy-huquqiy hujjatlarning mazmun-mohiyatiga doir axborotlar joylashtirib boriladi. Mazkur kanallar obunachilarining umumiy soni qariyb 300 mingga yaqin.

Bundan tashqari, aholi bilan manzilli ishlarni yo‘lga qo‘yish maqsadida “Uz” domenida qo‘shimcha axborot-huquqiy resurslar tashkil etilgan. Milliy huquqiy internet-portal (huquqiyportal.uz), “Bola huquqlari»” (bolahuquqlari.uz) veb-sayti, Advice.uz huquqiy axborot portali va boshqalar shular jumlasidandir.

Adliya vazirligi ko‘plab reytinglar, jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Administrasiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligi tomonidan tuziladigan matbuot xizmatlari rahbarlari faoliyati samaradorligi reytingida ham yuqori o‘rinlarni egallab kelayotgan eng shaffof davlat tuzilmalaridan biridir. 

Bundan tashqari, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi — O‘zA tomonidan tashkil etilgan “Yil tanlovi — 2019” tanlovi yakunlariga ko‘ra Adliya vazirligi “2019 yilning eng namunali vazirligi” nominasiyasida birinchi o‘rinni egalladi.

Adliya vazirligi, avvalo, aholi, biznes vakillari, chet eldagi hamyurtlarimiz hamda adliya tizimi xizmatlaridan foydalanuvchilar uchun hamisha ochiq. Shuningdek, Adliya vazirligi yangi texnologiyalar va innovasion yechimlar, umuman olganda, texnologik taraqqiyot uchun ham mutlaqo ochiq.

Adliya vazirligi

Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi

Kiritildi: 16:18 22.07.2020. O'qildi: 4302 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!