Bugun 2 fevral, 2026 yil, dushanba

КИР

O‘zbekistonda autodonorlik tartibi rasman joriy etildi

O‘zbekistonda autodonorlik tartibi rasman joriy etildi

Sog‘liqni saqlash vazirining buyrug‘i bilan donor qoni va uning tarkibiy qismlarini keyinchalik zarurat tug‘ilganda donorning o‘ziga quyishni nazarda tutuvchi autodonorlik tartibi tasdiqlandi.

Autodonorlik — bu inson o‘z qonini oldindan topshirib, keyinchalik tibbiy zarurat yuzaga kelganda shu qonni o‘ziga qayta quyish amaliyoti hisoblanadi. U asosan donorga boshqa shaxs qonini quyish imkoni bo‘lmagan, qon guruhi kam uchraydigan yoki donor yoki uning qonuniy vakili allogen qon quyilishini rad etgan hollarda qo‘llaniladi.

Mazkur buyruq Adliya vazirligi tomonidan 2026 yil 28 yanvar kuni davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi (ro‘yxat raqami — 3763) va rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kirdi.

Tasdiqlangan nizomga ko‘ra, autodonorlik 18 yoshga to‘lgan shaxslar tomonidan davlat sog‘liqni saqlash tizimidagi tibbiyot muassasalarida, donor yoki uning qonuniy vakilining yozma roziligi asosida, bepul amalga oshiriladi. Autodonorlik jarrohlik amaliyotidan oldin, unga tayyorgarlik jarayonida yoki amaliyot davomida amalga oshirilishi mumkin.

Nizomda qon olishdan oldin o‘tkaziladigan laboratoriya tekshiruvlari, qarshi ko‘rsatmalar hamda qon va uning tarkibiy qismlarini saqlash muddatlari aniq belgilab berilgan. Xususan, bir martalik qon olish hajmi 500 millilitrdan oshmasligi lozim.

Shuningdek, autodonorlik doirasida olingan qon va uning tarkibiy qismlarini boshqa shaxslarga quyish qat’iyan taqiqlanadi. Belgilangan muddatda foydalanilmagan qon sanitariya qoidalariga muvofiq utilizasiya qilinadi.

Qayd etilishicha, nizom talablarini buzgan shaxslar qonunchilikka muvofiq javobgarlikka tortiladi.

Kiritildi: 21:51 01.02.2026. O'qildi: 166 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!