Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, 2026 yil 1 may holatida aholi va biznesning banklar oldidagi umumiy qarzi 629 trln so‘mga yetdi. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 63,5 trln so‘mga yoki 11,2 foizga ko‘p.
☑️ E’tiborlisi, aynan aholi qarzdorligi tez sur’atlarda o‘smoqda. Bir yil ichida aholining banklardagi kreditlari 190,4 trln so‘mdan 230,8 trln so‘mgacha ko‘payib, 21,2 foizlik o‘sish qayd etildi.
☝️Agar 2020 yilda aholining banklardan olgan kreditlari atigi 43,8 trln so‘m bo‘lganini hisobga olsak, bugungi kunda mazkur ko‘rsatkich 5 baravardan ortiqqa oshgan.
📍Kredit hajmi bo‘yicha Toshkent shahri mutlaq yetakchi bo‘lib turibdi. Poytaxtda jami kreditlar qoldig‘i 290 trln so‘mdan oshgan bo‘lib, bu mamlakatdagi barcha kreditlarning qariyb yarmiga (46,1%) teng.
☑️ Banklar kesimida eng katta kredit portfeli O‘zmilliybank hisobiga to‘g‘ri kelmoqda — 107,4 trln so‘m. Keyingi o‘rinlarda Agrobank (89 trln so‘m), O‘zSQB (61,7 trln so‘m), Asakabank (40,2 trln so‘m) va Xalq banki (36,7 trln so‘m) joylashgan.
🏠 Aholi eng ko‘p mablag‘ni ipoteka kreditlari uchun olgan — 83,9 trln so‘m. Shuningdek, mikroqarzlar (50,1 trln so‘m), mikrokreditlar (44,3 trln so‘m) va avtokreditlar (39,6 trln so‘m) ham yuqori ulushga ega.
Raqamlar shuni ko‘rsatmoqdaki, so‘nggi yillarda kreditlar aholi hayotining ajralmas qismiga aylangan va qarzdorlik hajmi tarixiy yuqori darajalarga chiqishda davom etmoqda.