O‘zbekistonda 1 GVt’li uzluksiz “yashil” energiya loyihasi rejalashtirilmoqda. Bu boshqa davlatlarga ham namuna bo‘lishi mumkin.
O‘zbekiston qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy etishda nafaqat mintaqaviy, balki global miqyosdagi trendlarni ham belgilab berish yo‘lidan ketmoqda.
BAAning Masdar kompaniyasi 2026 yil yanvar oyida O‘zbekistonda 1 GVt quvvatga ega uzluksiz (24/7) toza energiya loyihasini o‘rganish bo‘yicha memorandum imzolagan.
Mazkur loyiha o‘zining o‘zaro to‘ldiruvchi (komplimentar) tuzilishi bilan an’anaviy stansiyalardan tubdan farq qiladi va ikki asosiy bo‘g‘inni qamrab oladi: yuqori samaradorlikka ega quyosh panellari orqali energiya ishlab chiqarish (generasiya); energiyani zaxiralovchi yuqori quvvatli batareyalar majmuasi (akkumulyasiya).
Bunday texnologik yechim kunduzi to‘plangan energiyani tungi vaqtda ham tarmoqqa uzluksiz uzatish imkonini beradi.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, 1 GVt quvvat taxminan 1 milliongacha xonadonni ekologik toza elektr energiyasi bilan ta’minlash imkoniga ega. Bu ko‘rsatkich aholining energiyaga bo‘lgan talabini qondirish bilan bir qatorda, an’anaviy yoqilg‘i resurslarini tejash va atmosferaga chiqarilayotgan zararli gazlar miqdorini kamaytirishga xizmat qiladi.
Soha ekspertlarining ta’kidlashicha, O‘zbekistonning ushbu tajribasi qayta tiklanuvchi energiya manbalarini umumiy tarmoqqa integrasiya qilishda global andozaga aylanishi mumkin. Agar “Round-the-clock” modeli amaliyotda o‘z samarasini ko‘rsatsa, bu energiya tanqisligiga barham berish va barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda boshqa davlatlar uchun muhim namuna bo‘ladi.