Bugun 25 oktyabr, 2024 yil, juma

КИР

O‘zbekiston xalqaro maydonda yangi dunyo tartibini shakllantirishda muhim ishtirokchiga aylanmoqda

O‘zbekiston xalqaro maydonda yangi dunyo tartibini shakllantirishda muhim ishtirokchiga aylanmoqda

Rossiyaning Qozon shahrida bo‘lib o‘tgan BRIKS va “BRIKS plyus” yig‘ilishlariga jahon ommaviy axborot vositalari va xorijiy davlatlar ekspertlari katta qiziqish bildirmoqdalar.

Bunga asosiy sabab bir tomondan BRIKSning dunyoda oshib borayotgan mavqei bo‘lsa, ikkinchi tomondan xalqaro munosabatlar tizimida global rivojlanish bilan bog‘liq muammolarning kuchayotganligi hisoblanadi.

Hurmatli Prezidentimizning ushbu nufuzli tadbirda ishtirok etishlari O‘zbekiston uchun o‘zining bir qancha jihatlari bilan ahamiyatlidir.

Birinchidan, O‘zbekistonning xalqaro mavqeining oshib borayotganidan dalolat beradi. Ya’ni O‘zbekiston xalqaro maydonda yangi dunyo tartibini shakllantirishda muhim ishtirokchiga aylangani ko‘rsatadi.

Ikkinchidan, “BRIKS plyus” tadbirlarida Osiyo, Afrika, Yaqin Sharq, Lotin Amerikasining 40 ga yaqin davlat ishtirok etganini inobatga olsak, O‘zbekiston ushbu platforma orqali o‘z tashabbuslarini ilgari surishi va xalqaro pozisiyalarini mustahkamlash imkoniga ega bo‘ladi.

Shu o‘rinda bugun dunyoda chuqur geosiyosiy transformasiya jarayonlari bo‘layotganligi va ularning yurtimiz manfaatlariga ham ta’sir o‘tkazishini inobatga olsak, O‘zbekiston bunday jarayonlarni inkor etib, chetdan qarab turolmaydi. Shu sababli davlatimiz Rahbarining ushbu tadbirda ishtirok etishari eng avvalo, milliy manfaatlarimizning xalqaro maydonda inobatga olinishini ta’minlashga xizmat qiladi.

Uchinchidan, ushbu sammitda ishtirok etish, xalqaro iqtisodiy aloqalarni kengaytirishga keng imkoniyatlarni taqdim etadi. Bugun BRIKS davlatlari dunyo iqtisodiyotini shakllantirishda muhim o‘rin tutadi. Xususan, dunyo savdo hajmining 30 foizi aynan BRIKS davlatlariga to‘g‘ri keladi. Qolaversa dunyoda iqtisodiy o‘sishning o‘rtacha sur’ati 3,2 foizni tashkil etsa, BRIKS davlatlarining ushbu ko‘rsatkichi 4 foizni tashkil etmoqda.

Qolaversa BRIKS davlatlari aholisining dunyo aholisining 45 foizini tashkil etishini inobatga olsak, mahsulotlarimiz eksporti uchun katta bozorga chiqish imkoni paydo bo‘layotganini anglash qiyin emas.

To‘rtinchidan, “BRIKS plyus” yig‘ilishida O‘zbeistonning ishtiroki so‘nggi yillarda hurmatli Prezidentimiz boshchiligida olib borilayotgan tenglik, davlatlarning suveren huquqini tan olish, o‘zaro manfaatlarni hisobga olish tamoyillariga asoslangan samarali xalqaro hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan tashqi siyosatimizning mantiqiy davomi hisoblanadi.

Shu nuqtai nazardan Prezidentimiz mintaqaviy xavfsizlik va global rivojlanishning dolzarb masalalari bo‘yicha bir qancha muhim tashabbuslarni ilgari surdilar.

Bugun dunyoda kuzatilayetgan nizo va urushlarning oshib borayotganligi, dunyo iqtisodiyotining parchalanishi, sanksiyalar qo‘llanilishining ortishi, texnologik raqobatning ko‘chayishi ko‘p tomonlama hamkorlik o‘rnatishga va rivojlantirishga to‘siq bo‘lmoqda.

Qolaversa, ushbu holat oziq-ovqat xavfsizligi, inflyasiya, kambag‘allikning oshishi, transport, sog‘liqni saqlash, ekologiya bilan bog‘liq muammolarni kuchaytirmoqda.

Shu munosabat bilan davlatimiz Rahbari O‘zbekiston BMTning markaziy o‘rnini ta’minlagan holda adolatli dunyo tartibotining yangi arxitekturasi shakllanishi tarafdori ekanligini aytib o‘tdilar. Unda asosiy urg‘u konstruktiv muloqot orqali, geosiyosiy raqobat, milliy xudbinlik va g‘oyaviy kurashlardan holi bo‘lgan global oqilona murosaga kelishishga qaratish kerakligini ta’kidladilar.

Bundan tashqari davlatimiz Rahbari global tengsizlikni bartaraf etish va inklyuziv iqtisodiy tiklanish masalalariga alohida e’tibor qaratdilar.

BMT bergan ma’lumotlarga ko‘ra, dunyo aholisining 1/5 qismi, bugun qashshoq holda (kuniga 1,9 dollar evaziga) kun kechirmoqda, achinarlisi ularning 50 foizini 18 yoshga kirmagan bolalar tashkil etadi.

Tibbiyot sohasida ham tengsizliklarni kuzatishimiz mumkin. Xalqaro tadqiqot markazlari bergan ma’lumotlarga ko‘ra, rivojlangan davlatlar aholisining 75 foizidan ko‘pi turli xil kasalliklardan emlangan bir paytda, rivojlanayotgan davlatlarda ushbu ko‘rsatkich 50 foizga yetmaydi.

Shu sababli davlatimiz Rahbari rivojlanayotgan davlatlarning kambag‘alikni qisqartirish, iqtisodiyotni modernizasiya qilish, ekologik muammolarni hal etish bilan bog‘liq bo‘lgan ijtimoiy-iqtisodiy dasturlarini qo‘llab quvvatlashni taklif qildilar.

Bundan tashqari Prezidentimiz innovasiya, raqamli iqtisodiyot, yashil energetika sohalarida xalqaro amaliy hamkorlikni kengaytirish maqsadida O‘zbekistonning BRIKSning sun’iy intellekt bo‘yicha Tadqiqot guruhining qo‘shma loyihalarida ishtirok etish, YUNIDO huzurida tashkil etilayotgan Kompetensiyalar markaziga, shuningdek, taklif etilayotgan Investisiya platformasiga qo‘shilishini ta’kidladilar.

Davlatimiz Rahbari bevosita global xavfsizlik masalalari to‘g‘risida gapirib, Yaqin Sharq xususan G‘azo sektori va Livandagi vaziyatga alohida to‘xtalib o‘tdilar. Yaqin Sharqdagi nizoga yetakchi davlatlarning ishtiroki tufayli uning global notinchlik uchog‘iga aylanish xavfi ostida turganligi alohida tashvish bilan qayd etildi.

Prezidentimiz tinch aholi, ayniqsa, bolalarning begunoh qurbon bo‘lishini hech qanday siyosiy maqsadlar oqlay olmaydi deb aytib o‘tdilar. Xususan, 7 oktyabrdan 23 oktyabrga qadar vaqt oralig‘ida G‘azo sektorida 43 ming odamning vafot etganligi ulardan 16 mingini bolalar, 11 mingini ayollar tashkil etgan.

Shu sababli Prezidentimiz BRIKS plyus tadbirida ishtirok etayotgan davlatlarni Yaqin Sharqdagi urush harakatlarini to‘xtatish va qurolli to‘qnashuvlardan jabrlanganlarga yordam ko‘rsatish kechiktirib bo‘lmaydigan vazifa ekanligini ta’kiladilar.

Bundan tashqari ekstremiz va terrorizmga qarshi kurashishda O‘zbekistonda shakllangan samarali tajriba asosida keng hamkorlikni yo‘lga qo‘yishni taklif qildilar. Shu o‘rinda hurmatli O‘zbekiston Respubliki Prezidenti tashabbusi bilan joriy yil may oyida tashkil etilgan Suriya, Iroq va Afg‘onistondagi qurolli tuqnashuv hududlaridan olib kelinganlarni reabilitasiya va reintegrasiya qilish bo‘yicha BMT bilan hamkorlikda tuzilgan Markaziy Osiyo ekspertlar kengashini aytib o‘tish lozim.

Ushbu kengash faoliyati ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashish, yoshlarning buzg‘unchi g‘oyalar ta’siriga tushub qolmaslik, urush uchoqlaridan olib kelinganlarni ijtimoiy hayotini tiklash bo‘yicha ilg‘or tajriba almashishga katta xizmat qo‘shib kelmoqda.

BMTning inson huqulari bo‘yicha eksperti Fionnuala Ni Aolayn O‘zbekistonning bu boradagi siyosatiga baho berib qo‘yidagi so‘zlarni aytib o‘tgan “O‘zbekiston modeli boshqa davlatlar uchun o‘z fuqarolarini urush uchoqlaridan qaytarib olib kelish uchun Yo‘l xaritasi bo‘lib xizmat qiladi. U samarali, insonparvar bo‘lib, inson huquqlarini ta’minlanishiga xizmat qiladi”.

Xulosa sifatida shuni aytish mumkinki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “BRIKS plyus” yig‘ilishida ilgari surgan takliflari birdamlik va hamjihatlik bilan mavjud muammolarni hal etish va global rivojlanish istiqbolarini belgilashga qaratilgan.

Baxtiyor Mustafayev, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori o‘rinbosari

Kiritildi: 21:47 24.10.2024. O'qildi: 352 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!