Bugun 24 oktyabr, 2024 yil, payshanba

КИР

Kreml Rossiyaning Markaziy Osiyodagi urush tanqidchilarning ovozini o‘chirishga urinmoqda

Kreml Rossiyaning Markaziy Osiyodagi urush tanqidchilarning ovozini o‘chirishga urinmoqda

Rossiyada hukumatga qarshi namoyishlar o‘tkazganlikda ayblanib, qidiruvda bo‘lgan rus siyosiy faoli Lev Skoryakin 2023 yilda qo‘lga tushgan. Uning qo‘lga olinish tafsilotlari va Qirg‘iziston bilan Rossiya o‘rtasidagi dissidentlar almashinuvi haqida «Amerika ovozi» nashri bayon qilgan.

Ma’lum bo‘lishicha, o‘tgan yozda Qirg‘izistonga qochib o‘tgan Skoryakin, bir yil davomida kamdan-kam ko‘rinish bergan, ammo Qirg‘iz hukumati rus hukumati talabiga binoan uni Bishkekda topib, 2023 yil oktyabrida Rossiyaga ekstradisiya qilgan.

Bu yilning boshida Germaniyaga qochgan Skoryakin, Qirg‘iz hukumati yangi yuzni aniqlash tizimidan foydalangan holda qayerda yashayotganini bilib olgan, deyiladi xabarda. Bu tizim 2023 yil iyunida Rossiya hukumatining yordamida ishga tushirilgan.

«Markaziy Osiyodagi rus qochqin dissidentlari juda ehtiyotkor bo‘lishlari kerak va asosiy xavfsizlik qoidalariga amal qilishlari lozim. …Yuzni aniqlash tizimi hozir ham Bishkekda ishlamoqda», degan Skoryakin.

Qirg‘iz Tashqi ishlar vazirligi yanvar oyida bu tizim orqali 2023 yil oxirigacha 800 dan ortiq oddiy jinoyatchilar va 100 dan ortiq interpol (Xalqaro jinoiy polisiya tashkiloti) tomonidan xalqaro qidiruvga berilganlar ushlanganini aytgan. «Amerika ovozi» nashrining qayd etishicha, 2022 yildan boshlab, Skoryakin kabi ko‘plab urushga qarshi faollar Rossiyada siyosiy repressiyadan qochib, Qozog‘iston va Qirg‘izistonda vaqtincha boshpana topgan. Ammo qo‘lga tushib qolish xavfi, o‘g‘irliklar va ekstradisiyalar sabab dissidentlarga endi bu mamlakatlar xavfsiz emas.

Rossiyaning Ukrainaga qarshi to‘liq miqyosdagi bosqinidan so‘ng, 2022 yilda 400,000 ga yaqin rus fuqarosi Qozog‘istonga, 445,000 dan ortiq rus fuqarosi Qirg‘izistonga kelgan. Skoryakindek, Putinga qarshilar bu mamlakatlarni G‘arbga qochish uchun tranzit nuqtalari sifatida ko‘rmoqda. Qirg‘izistonda bo‘lgan paytida Skoryakin Germaniyaga ko‘chish uchun vaqtinchalik sayohat hujjati olishga ariza bergan.

Qirg‘iz hukumati dastlab rus dissidentlarini kutib olgan. prezident Sadir Japarov 2022 yil oktyabrida «Biz hech qanday zarar ko‘rmaymiz; aksincha, biz rus muhojirlaridan ko‘proq foyda ko‘ramiz», deya intervyu berganini xotirlagan nashr.

Moskva esa 2022 yildan boshlab Kreml Qozog‘iston va Qirg‘iz hukumatlarini rus dissidentlariga qarshi harakat qilishga majburlash uchun hibsga olish va Rossiyaga qarshi ommaviy namoyishlarni taqiqlash chorasini ko‘rgan. Kreml, shuningdek, Qozog‘iston va Qirg‘izistonga rus dissidentlari haqida ma’lumot berishni rag‘batlantirgan. 2023 yil iyun oyida Rossiya, Qozog‘iston va Qirg‘iziston o‘rtasida «o‘z hududlarida yashovchilarning yashash holati, fuqarolik, migrasiya ro‘yxati, viza, mulk, jinoyat tarixi va shaxsni tasdiqlovchi hujjatlari» haqida ma’lumot almashish bo‘yicha kelishuv imzolangan.

Kelishuv doirasida Rossiya qirg‘iz hukumatiga 85,000 rus fuqarosi to‘g‘risida ma’lumot bergan. Qirg‘iziston bu xabardan foydalanib, 2023 yil iyun oyida Skoryakin kabi to‘rt rus dissidentini aniqlab, qamoqqa olish uchun yuzni aniqlash tizimini ishga tushirgan.

Bildirilishicha, Janar Akayev, xalqaro masalalar bo‘yicha parlament qo‘mitasi raisi, rus xavfsizlik xizmatlari Qirg‘izistonga bosim o‘tkazayotganini ta’kidlagan.

«Rossiyalik siyosiy qochqinlar Qirg‘izistonga kelishdan tiyilishi kerak. Chunki rus xavfsizlik xizmatlari kuchli ta’sir ko‘rsatadi. Agar ular so‘rasa, bizning xavfsizlik idoralari «Yo‘q» demaydi. Men bilganimdek, FSB bu yerda erkin ishlaydi», degan Akayev.

Rossiyaning Markaziy Osiyodagi dissidentlarga qarshi harakatlari samarali bo‘ldi. «Amerika ovozi»ga ko‘ra, 2024 yil boshiga kelib, Rossiyadan qochgan yuzlab dissidentlarga yordam bergan «Tezkor javob berish» nodavlat tashkiloti Qozog‘iston va Qirg‘izistonga odam yuborishni to‘xtatgan. 2023 yil avgustida Qozog‘iston inson huquqlari himoyachisi Yevgeniy Jovtis hibsga olingan rus faollarining aksariyati Qozog‘istonda qonundan tashqari holatda qolganini aytgan.

«Ularni sudlash uchun qonuniy asoslar yo‘q, ammo ularni mamlakatdan chiqarish ham qiyin. Ularning shaxsiy hujjatlari tugash arafasida. Yangi hujjat olish uchun Rossiya konsulxonasiga borishlari kerak», dedi Jovtis.

Kiritildi: Bugun 14:33. O'qildi: 1084 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!