O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Materialshunoslik instituti olimlari va Shanxay texnologiyalar transferi markazi vakillari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ana shu masalalar ko‘tarildi.
Issiqxona gazlari chiqindilarining kamaytirilmasligi kelgusida insonlar va tabiat uchun qaytarib bo‘lmaydigan oqibatlarga olib kelishi mumkin.
Shu sababli, dunyo bo‘ylab mamlakatlar o‘z iqtisodiyotlarini kam uglerodli yoki karbonsizlangan iqtisodiyotga aylantirishga intilmoqda.
Bu yo‘nalishdagi asosiy vazifa esa qayta tiklanadigan energiya manbalariga o‘tishni rag‘batlantirish, energiyadan samarali foydalanishni kengaytirish va uni tejashdir.
Shu bilan birgalikda, transport sohasini elektrlashtirish, uglerodni ushlab turish va saqlash, hamda qishloq xo‘jaligida iqlimga moslashuvchan yondashuvlarni qo‘llash ham muhim sanaladi.
Bularning barchasi ilmiy tadqiqotlar va innovasiyalar bilan birgalikda amalga oshirilishi zarur.
O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Materialshunoslik instituti olimlari va Shanxay texnologiyalar transferi markazi vakillari uchrashuvi davomida kam uglerodli texnologiyalar sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash va iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashda innovasion yechimlarni qo‘llab-quvvatlash lozimligi ta’kidlandi.
Uchrashuv doirasida ikkita muhim tashabbus muhokama qilindi.
Birinchi tashabbus — “Bir makon — bir yo‘l” dasturi doirasida Shanxay texnologiyalar transferi markazining kam uglerodli texnologiyalar va innovasion hamkorlik bo‘yicha xalqaro alyansni tashkil etish taklifi bo‘ldi.
Bu alyans xalqaro darajadagi hamkorlikni kuchaytirish, texnologik yechimlarni targ‘ib qilish va iqlim o‘zgarishiga qarshi yangi innovasiyalarni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltiriladi.
Ikkinchi tashabbus —“Katta Quyosh sandoni” negizida “Yashil texnologiyalar vodiysi” xalqaro ilmiy xabini yaratish taklifi bo‘ldi. Mazkur loyiha O‘zbekistonda ilg‘or ilmiy-innovasion xabni yaratish va hududdagi texnologiyalarning rivojiga katta hissa qo‘shadi.
Ilgari surilgan tashabbuslarning amalga oshirilishi esa kam uglerodli iqtisodiyot sohasida yangi innovasiyalarni barpo etish imkoniyatini yaratadi.
Bundan tashqari, yashil texnologiyalar va materiallardan foydalangan holda mamlakatlar o‘rtasida raqobatbardoshlikni mustahkamlashga yo‘naltirilgan innovasion qarorlar qabul qilinishi kutilmoqda.
Mehmonlarga shuningdek, Materialshunoslik institutining ilmiy tadqiqot natijalari, innovasion ishlanmalari namoyish qilindi.
Issiqxonalar uchun haroratni mo‘’tadillashtiruvchi plyonka, issiqlik saqlovchi va aks ettiruvchi, vodorod energiyasi uchun materiallar, qishloq xo‘jaligi sohasida qo‘llaniladigan sovuq plazma kabi muhim texnologiyalar shular jumlasidandir.
Ayniqsa, institutning eng yirik qurilmasi hisoblangan — Katta Quyosh sandoni mehmonlarda ulkan taassurot qoldirdi.
Avtomatlashtirilgan boshqarish tizimiga ega mazkur murakkab optik kompleksi dunyoda Fransiyadan so‘ng, O‘zbekistonda tashkil etilgan yagona qurilma hisoblanadi.
Qurilma ishga tushirilib, uning noyob imkoniyatlari mehmonlarga namoyish etildi.
Muloqot yakunida ikki muhim hamkorlik memorandumi imzolandi.
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Materialshunoslik instituti va Shanxay texnologiyalar transferi markazi o‘rtasida, Milliy tadqiqot universiteti qoshidagi Nazariy va amaliy tadqiqotlar instituti bilan esa “NanoTech” qo‘shma laboratoriyasini tashkil etish bo‘yicha hamkorlik memorandumi imzolandi.
Qayd etish joiz, mazkur uchrashuv O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi ilmiy hamkorlikni mustahkamlash yo‘lida yana bir muhim qadam bo‘ldi. Kam uglerodli texnologiyalar va iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash bo‘yicha yangi tashabbuslar nafaqat mamlakatlar o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirishga, balki dunyo miqyosidagi ekologik muammolarni hal etishga ham xizmat qiladi.