Kreml Ukrainani uch qismga bo‘lish niyatida. Bu ssenariy Rossiya Mudofaa vazirligining maxfiy hujjatida bayon etilgan, deb yozadi Bild.
Ta’kidlanishicha, Rossiya prezidenti Vladimir Putin AQShning yangi saylangan prezidenti Donald Trampga Ukrainani bo‘lish g‘oyasini taqdim qilmoqchi.
Kremlning sharti shundaki, Rossiya «Ukrainaning muhim hududlarini» saqlab qolishi, Ukrainaning o‘zi esa «NATOga qo‘shilish rejalaridan voz kechishi» kerak.
Hujjatda aytilishicha, Kreml Ukrainani «uch qismga» bo‘lish niyatida. Mamlakatning butun sharqi (Donetsk, Lugansk, Zaporoje va Xerson viloyatlari), shuningdek, Qrim «Rossiyaga o‘tishi kerak.»
Mamlakatning ikkinchi katta qismini (shu jumladan Kiyev, Sumi va Odessa viloyatlari) «Rossiyaparast davlat tuzilmasi»ga aylantirish rejalashtirilgan. Ushbu zonadagi kuch tuzilmalari rossiyaparast kadrlar bilan ta’minlanadi va «nazorat qilish uchun uning hududida Rossiya qo‘shinlari joylashtiriladi».
G‘arbiy Ukrainadagi qolgan qismi hujjatda «bahsli hududlar» deb ataladi. Ular bilan nima qilish masalasi Rossiya va qo‘shni davlatlar – Vengriya, Polsha va Ruminiya o‘rtasidagi muzokaralar davomida hal qilinishi kutilmoqda.
Ukraina Mudofaa vazirligi Razvedka bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Vadim Skibitskiy «Interfaks-Ukraina»ga aytishicha, Ukraina razvedkasi 2045 yilgacha dunyodagi harbiy-siyosiy vaziyat prognozini o‘z ichiga olgan Rossiya hujjatidan xabardor. Ushbu hujjatda Ukraina hududini uch qismga bo‘lish ko‘zda tutilgan.
«Qo‘shimcha qilib aytaman, bu hujjat Rossiya Federasiyasi Mudofaa vazirligi va Qurolli kuchlari Bosh shtabida o‘tgan yilning taxminan dekabr oyida tayyorlangan. Mazkur hujjat ma’lum bir davr - kamida 10 yillik muddat uchun istiqbolli mudofaa rejalashtirish asosini tashkil etadi. Xususan, bu hujjat 2026-2035 yillar davrini qamrab olgan holda, 2045 yilgacha bo‘lgan istiqbolni ko‘zda tutadi,» dedi u.