«Oreshnik» o‘rta masofali ballistik raketasini qo‘llash rejalaridan «juda tor doiradagi odamlar» xabardor edi, dedi Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov.
Uning ta’kidlashicha, u Rossiya prezidenti Vladimir Putin o‘z murojaatida Oreshnikni sinovdan o‘tkazganini e’lon qilgunga qadar bilmagan.
«Albatta, eng so‘nggi qurol turlarini yaratish, ayniqsa, bunday geosiyosiy vaziyatda mutlaqo maxfiy jarayon», dedi Peskov VGTRK jurnalisti Pavel Zarubin bilan suhbat chog‘ida.
Shu haftada Rossiya birinchi marta yadrosiz Oreshnik gipertovushli o‘rta masofaga mo‘ljallangan ballistik raketasini ishlatdi. Hujum Ukrainaning «Yujmash» mudofaa korxonasiga uyushtirilgan. Vladimir Putin o‘z murojaatida bu G‘arb davlatlarining Ukraina armiyasiga Rossiya hududida uzoq masofali raketalardan foydalanishga ruxsat berganiga javob ekanligini aytdi.