Bugun 16 iyun, 2024 yil, yakshanba

КИР

O‘zbekiston va Turkiya parlamentlari hamkorligi yangi bosqichda rivojlanadi

O‘zbekiston va Turkiya parlamentlari hamkorligi yangi bosqichda rivojlanadi

Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva Turkiya Respublikasi Buyuk millat majlisi Raisi Numan Kurtulmush bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Muloqotda siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar va parlamentlararo sohalarda O‘zbekistonning Turkiya bilan hamkorligining bugungi holati hamda aloqalarni yanada rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.

Suhbat chog‘ida ikki davlat Prezidentlarining qat’iy siyosiy irodasi, ular o‘rtasidagi yaqin, o‘zaro ishonchga asoslangan munosabatlar tufayli ikki tomonlama aloqalar keng qamrovli strategik sheriklik darajasiga olib chiqilgani alohida qayd etildi.

So‘nggi 6 yilda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 1,5 marotabaga oshib, Turkiya O‘zbekistonning to‘rtinchi asosiy iqtisodiy sherigiga aylangani, o‘zaro savdo hajmini oshirish va iqtisodiyotning turli tarmoqlarida sanoat kooperasiyasi bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish uchun imkoniyatlardan yanada kengroq foydalanish lozimligi ta’kidlandi.

Muzokara davomida ijtimoiy va madaniy-gumanitar sohalarda aloqalarni yanada kengaytirish uchun ikki davlatda ham salohiyat yetarli ekani, bu borada imkoniyatlarni birlashtirish kerakligiga urg‘u berildi.

Ayniqsa, sog‘liqni saqlash yo‘nalishlarida kadrlar salohiyatini oshirish, ilm-fan hamda ta’lim sohalarida esa qo‘shma ilmiy loyihalarni yo‘lga qo‘yish, talabalar almashinuvini faollashtirish yuzasidan fikr almashildi.

O‘zbekiston va Turkiyaning qadriyatlari, an’ana va urf odatlari, oilaga bo‘lgan munosabati o‘xshashligidan kelib chiqib, oila va xotin-qizlar masalalarida ikki mamlakatning tegishli vazirlik va idoralari o‘rtasida hamkorlikni kengaytirishga e’tibor qaratildi.

Uchrashuvda parlamentlar o‘rtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish masalalari ko‘rib chiqildi. Xususan, Oliy Majlisning Buyuk millat majlisi bilan hamkorlik bo‘yicha parlamentlararo guruhi va “O‘zbekiston–Turkiya” parlamentlararo do‘stlik guruhi o‘rtasidagi munosabatlarni yanada mustahkamlash, qo‘mitalar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalar o‘rnatish bo‘yicha yakdil fikr bildirildi.

Munosabatlarni huquqiy jihatdan mustahkamlash maqsadida ikki davlat parlamentlari o‘rtasida hamkorlik bo‘yicha tegishli hujjat loyihasini ishlab chiqish va imzolashga kelishib olindi.

Turkiya Respublikasi Buyuk millat majlisi Raisi Numan Kurtulmush Faxriy mehmonlar kitobida dastxat yozib qoldirdi.

Kiritildi: 13:58 23.05.2024. O'qildi: 1966 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!