Bugun 31 iyul, 2026 yil, juma

КИР

O‘zbekiston va Qirg‘iziston Prezidentlari samarali muzokaralar yakunlarini sarhisob qildilar

O‘zbekiston va Qirg‘iziston Prezidentlari samarali muzokaralar yakunlarini sarhisob qildilar

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov bo‘lib o‘tgan muzokaralar yakunlari bo‘yicha ommaviy axborot vositalari vakillari uchun bayonot berdilar.

Mamlakatimiz yetakchisi Qirg‘izistonga bu galgi davlat tashrifi tarixiy ahamiyatga ega bo‘lib, O‘zbekiston – Qirg‘iziston ko‘p qirrali hamkorligida yangi sahifani ochganini ta’kidladi.

Ushbu sammitga birgalikda katta tayyorgarlik ishlari amalga oshirilgani qayd etildi. Hukumatlararo komissiya yig‘ilishi, biznes forum, rektorlar va tahliliy markazlar vakillarining uchrashuvlari muvaffaqiyatli o‘tkazildi. Ayni paytda Qirg‘izistonda O‘zbekiston madaniyati kunlari doirasida turli tadbirlar o‘tmoqda.

Fursatdan foydalanib, Prezidentimiz qardosh Qirg‘izistonni 2027-2028 yillarda BMT Xavfsizlik Kengashining doimiy bo‘lmagan a’zosi etib saylangani munosabati bilan samimiy tabrikladi. Bu mamlakat va butun Markaziy Osiyoning nufuzi yuksalayotganining e’tirofidir.

Bugungi muzokaralar har doimgidek ochiq, konstruktiv va do‘stona ruhda o‘tgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.

Davlat rahbarlari ikki tomonlama kun tartibidagi dolzarb masalalarning barcha jabhalarini atroflicha muhokama qildilar. Bosh vazir o‘rinbosarlarining savdo-iqtisodiy sohadagi aniq rejalarni o‘z ichiga olgan axborotlarini tingladilar.

Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnomaning imzolanishi sammitning eng muhim natijasi bo‘ldi.

Ushbu hujjat ikki tomonlama sheriklikni davlatlararo aloqalarning eng yuqori darajasiga olib chiqadi.

– Endi bizning asosiy vazifamiz – hamkorligimizni mamlakatlarimiz va xalqlarimiz taraqqiyoti hamda farovonligiga xizmat qiladigan yangi mazmun, loyiha va tashabbuslar bilan boyitish, – dedi davlatimiz rahbari.

Ikki davlat Prezidentlari raisligida Davlatlararo kengashni tuzish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Bu ittifoqchilik munosabatlarini mustahkamlash va hamkorlikning uzoq muddatli ustuvor yo‘nalishlarini belgilashning asosiy mexanizmi bo‘ladi.

Shu bilan birga, tomonlar bundan buyon ham siyosiy muloqotni rivojlantirish, mintaqaviy va xalqaro maydonlarda bir-birini qo‘llab-quvvatlash va pozisiyalarni yaqindan muvofiqlashtirishga tayyor ekanligini tasdiqladilar.

Yangi iqtisodiy kun tartibini shakllantirishga alohida e’tibor qaratildi. So‘nggi yillarda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi qariyb 10 barobarga oshib, o‘tgan yil yakuni bilan 1,2 milliard dollardan ziyodni tashkil qildi. Jadal o‘sish sur’atlari saqlanib qolayotganini inobatga olib, ushbu ko‘rsatkichni 3 milliard dollarga yetkazish vazifasi qo‘yildi.

Etakchilar sanoat kooperasiyasining yangi o‘sish nuqtalarini, eng avvalo, ikki mamlakat iqtisodiyotlari bir-birini to‘ldiruvchi sohalarda yaratishga alohida to‘xtaldilar.

Bu borada kecha bo‘lib o‘tgan biznes forumi doirasida energetika, elektrotexnika, farmasevtika, qishloq xo‘jaligi va to‘qimachilik sohalarida yangi loyihalar kelishildi. Shuningdek, xomashyo resurslarini birgalikda qazib olish bo‘yicha aniq rejalar belgilandi.

Bunday loyihalarni qo‘llab-quvvatlash uchun qo‘shma Taraqqiyot fondi salohiyatidan samarali foydalaniladi.

Ikki mamlakatning transport sohasidagi o‘zaro bog‘liqligi va tranzit salohiyatini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi. “Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” temir yo‘li qurilishi bo‘yicha strategik loyihani amalga oshirish ishlari jadal davom etayotgani qayd etildi.

Mazkur temir yo‘li bo‘ylab savdo-logistika infratuzilmasini birgalikda rivojlantirish, savdo va transport jarayonlariga raqamli yechimlarni faol joriy etish, avtotashuvchilar uchun qulay sharoitlar yaratishga kelishib olindi.

Suv-energetika sohasidagi hamkorlik masalalariga alohida to‘xtalib o‘tildi.

Transchegaraviy suv resurslaridan oqilona foydalanish sohasida konstruktiv hamkorlikni davom ettirishga tayyorlik tasdiqlandi. Qambarota GES-1ni qurish to‘g‘risidagi bitimni imzolash jarayoni tezlashtiriladi.

Ikki mamlakat hududlarining salohiyatidan faol foydalanish zarurligi ta’kidlandi. Yil yakuniga qadar O‘zbekistonda yangi formatdagi birinchi Hududlar forumi o‘tkaziladi.

Madaniyat, ta’lim, ilm-fan, yoshlar siyosati va turizm sohalarida faol almashinuvlarni davom ettirishga tayyorlik tasdiqlandi.

Etakchilar Markaziy Osiyoda barqaror rivojlanish va mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash masalalarini ham atroflicha muhokama qildilar.

Yakunda Prezident Shavkat Mirziyoyev ushbu sammitda erishilgan kelishuvlar qardosh xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlashga xizmat qilishiga ishonch bildirdi.

Kiritildi: 19:24 30.07.2026. O'qildi: 336 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!