Hindistonning ommabop Travel Trends Today (T3) jurnalida ushbu mamlakatning yirik shaharlarida O‘zbekiston sayyohlik salohiyati va Uzbekistan Airways milliy aviakompaniyasining yangi yo‘nalishlariga bag‘ishlab o‘tkazilayotgan turkum taqdimot marosimlari haqida maqola chop etildi.
Jurnal Haydarobodda bo‘lib o‘tgan roud-shouda Telangana shtati va unga tutash hududlar sayyohlik hamjamiyatining taniqli vakillari hindistonlik sayohatchilar uchun O‘zbekistonga turlar tashkil etish bo‘yicha istiqbolli loyihalarni muhokama qilish uchun ajoyib imkoniyatga ega bo‘lganini yozgan. Ular, xususan, ikki davlat o‘rtasidagi aviareyslarning bugungi holati va o‘zaro havo qatnovlarini yanada ko‘paytirish borasidagi sa’y-harakatlarga yuqori baho berdi.
"Tadbir qiziqarli munozaralarga turtki berdi. Uning doirasida O‘zbekistonning jozibador va rang-barang sayyohlik yo‘nalishi sifatidagi mavqei haqida qimmatli fikrlar bildirildi", – deb ta’kidlagan nashr muxbiri.
Roud-shou doirasida Uzbekistan Airways kompaniyasi 2025 yilgi yozgi jadvaldan boshlab haftaning juma kunlari Toshkent va Mumbay o‘rtasida uchinchi reysni amalga oshirishni rejalashtirayotgani ma’lum qilindi. Hozirda bu shaharlar seshanba va shanba kunlari haftasiga ikkita reys orqali bog‘langan.
2023 yil avgust oyida Toshkent va Dehli shaharlari o‘rtasida Uzbekistan Airways aviakompaniyasi tomonidan haftasiga olti marta parvoz amalga oshirilgan edi. Bugungi kunda ikki mamlakat poytaxtlarini Uzbekistan Airways va IndiGo (Hindiston) kompaniyalari tomonidan yo‘lga qo‘yilgan 14 ta aviareys bog‘lab turibdi. Uzbekistan Airways joriy yil aprel oyida Mumbay shahri va oktyabr oyida Goa shtatiga haftasiga ikki martadan yangi parvozlarni o‘zlashtirgach, haftalik ko‘rsatkich 18 taga yetdi.
Yaqinda Kuala-Lumpur (Malayziya) shahrida bo‘lib o‘tgan Xalqaro fuqaro aviasiyasi tashkiloti (ICAO)ning ICAN-2024 tadbiri doirasida O‘zbekiston va Hindiston transport va fuqaro aviasiyasi muassasalari vakillari o‘zaro parvozlar miqdorini haftasiga 28 taga yetkazish bo‘yicha kelishuvga erishdi.
Yangi parvozlar jo‘g‘rofiyasi Samarqand, Buxoro, Namangan, Amritsar, Bangalor, Haydarobod, Chennay va boshqa shaharlarni qamrab olishi rejalashtirilmoqda.