Bugun 28 aprel, 2025 yil, dushanba

КИР

O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasida mutaxassislar tayyorlash bo‘yicha ilk qo‘shma ta’lim dasturi tatbiq etiladi

O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasida mutaxassislar tayyorlash bo‘yicha ilk qo‘shma ta’lim dasturi tatbiq etiladi

Bugun Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov va Germaniyaning “OPASCA GmbH” kompaniyasi bosh direktori Aleksey Sverdlov o‘rtasida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda tibbiyot sohasida o‘zaro hamkorlikni mustahkamlashga e’tibor qaratildi. Xususan, unda Farg‘ona jamoat salomatligi tibbiyot institutida Germaniya bilan 2+1 qo‘shma ta’lim dasturi doirasida tashkil etilayotgan “Hamshiralik ishi” bakalavriat ta’lim yo‘nalishi faoliyatini samarali yo‘lga qo‘yish masalasi muhokama markazida bo‘ldi.

Uchrashuvda qayd etilganidek, ushbu dastur O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasida mutaxassislar tayyorlashdagi ilk qo‘shma ta’lim dasturi bo‘lgani bilan ahamiyatlidir. Bu borada ikki tomonlama hamkorlik kelishuvi imzolanib, joriy o‘quv yilidan dasturni amalga tatbiq etish bo‘yicha ish olib borilmoqda.

Viloyat hokimligi axborot xizmatining ma’lum qilishicha, tomonlar o‘rtasidagi o‘zaro kelishuvga asosan “Hamshiralik ishi” bakalavriat ta’lim yo‘nalishi talabalari ikki yil Farg‘ona jamoat salomatligi tibbiyot institutida ta’lim olgach, bir yil Germaniyadagi Mangeym universiteti klinikasi akademiyasida tahsilni davom ettiradi.

Ta’limni muvaffaqiyatli tamomlagan bitiruvchilarga Germaniyada tan olinadigan diplom hamda Farg‘ona jamoat salomatligi tibbiyot institutining davlat namunasidagi diplomi taqdim etiladi.

Talabalar o‘qishni tamomlagach Germaniya tibbiyot muassasalarida doimiy munosib ish o‘rniga ega bo‘ladi. Har o‘quv yilida qo‘shma ta’lim dasturi doirasida tashkil etiladigan “Hamshiralik ishi” bakalavriat ta’lim yo‘nalishiga 150 ta qabul kvotasi ajratilishi ko‘zda tutilmoqda.

– O‘zbekiston va Germaniya davlatlari o‘rtasidagi aloqalar yanada mustahkamlanib borayotgani o‘zining amaliy samarasini beradi, – dedi Germaniyaning “OPASCA GmbH” kompaniyasi bosh direktori Aleksey Sverdlov. – Xususan, bunday iliq munosabatlar tibbiyot yo‘nalishida yorqinroq namoyon bo‘lmoqda. Bu galgi O‘zbekistonga tashrifimiz aynan malakali kadrlar tayyorlash masalasidagi hamkorlik bilan bog‘liq. Bugun Farg‘ona viloyati hokimligida o‘tkazilgan uchrashuvda biz 2+1 qo‘shma ta’lim dasturini tatbiq etishni maqsad qildik. Ushbu dastur doirasida talabalar Germaniyada ta’lim olish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Do‘stona va konstruktiv ruhda o‘tgan uchrashuvda tomonlar Farg‘ona viloyati tibbiyot tizimini rivojlantirishda Germaniyaning ilg‘or tajribasini joriy qilish va o‘zaro tajirba almashish masalalari xususida ham yuritdi.

Ma’lumot o‘rnida shuni aytib o‘tish mumkinki, 2022 yil 25-30 iyul kunlari Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov boshchiligidagi delegasiya Germaniyaga tashrif buyurgan edi. Unda Mangeym universiteti klinikasida erishilgan kelishuvlar samarasi bo‘lgan ushbu loyiha “OPASCA GmbH” kompaniyasi bilan hamkorlikda tatbiq etilmoqda.

Kiritildi: 06:27 23.08.2023. O'qildi: 1567 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!