FIFA 2026 yilgi Jahon chempionatida ishtirok etadigan futbolchilar uchun ularning klublariga yirik miqdorda kompensasiya puli to‘lashni rejalashtirmoqda.
COPE nashri ma’lumotiga ko‘ra, har bir futbolchi uchun klublarga kuniga 9 ming yevrodan ortiq mablag‘ ajratiladi. O‘zbekiston milliy terma jamoasi ham o‘z tarixida ilk bor mundialda ishtirok etadi. Tabiiyki, Superliga klublari ham o‘z futbolchilari orqali FIFA tomonidan mablag‘ oladi.
FIFA kompensasiya pulini futbolchi milliy jamoa yig‘iniga rasman qo‘shilgan kundan boshlab hisoblaydi. Ya’ni bu faqat o‘yin kunlarini emas, balki tayyorgarlik yig‘ini va turnir davomidagi muddatni ham o‘z ichiga oladi.
Agar O‘zbekiston terma jamoasi musobaqani guruh bosqichidan keyin tark etadigan bo‘lsa, futbolchilar taxminan 17–18 kun milliy jamoa ixtiyorida bo‘ladi. Shu holatda klublar bir futbolchi uchun kamida 162 ming yevro atrofida mablag‘ ishlab olishi mumkin. Bu summani o‘zbek so‘miga chaqqanda, taxminan 2 milliard 187 million so‘mni tashkil etadi.
Ma’lumot uchun, ayni paytda Fabio Kannavaro boshchiligidagi jamoa Milliy futbol markazida mundialga tayyorgarlikni davom ettirmoqda.