Shimoliy Koreya Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushidan 13 milliard dollargacha daromad ko‘rdi — Nikkei Asia.
"Pxenyanning qurol-yarog‘ yetkazib berish va o‘z askarlarini Rossiyaga yuborish evaziga olgan valyuta tushumlari hamda energiya resurslari qiymati uch yil ichida taxminan 13 milliard dollarni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich KXDRning deyarli bir yillik yalpi ichki mahsuloti hajmiga (YAIM) teng", deb yozmoqda nashr.
Nikkei Asia'ning qayd etishicha, Shimoliy Koreya tomonidan qurol yetkazib berish holatlari Rossiya Ukrainaga keng ko‘lamli bosqin boshlagan 2022 yildayoq ma’lum bo‘lgan. 2024 yilda ikki davlat o‘rtasida har tomonlama strategik sheriklik to‘g‘risidagi shartnoma imzolangach, hamkorlik ko‘lami KXDR harbiylarini Rossiyaga yuborish hisobiga yanada kengaydi.
Janubiy Koreya Milliy razvedka xizmati huzuridagi tadqiqot instituti hisob-kitoblariga ko‘ra, KXDR 2022—2025 yillar davomida Moskvaga 7 milliarddan 13,8 milliard dollargacha bo‘lgan miqdorda qurol-yarog‘, jumladan, artilleriya, snaryadlar va 250 ga yaqin KN-23 qisqa masofali ballistik raketalarini yetkazib bergan bo‘lishi mumkin. Ushbu raketalarni ishlab chiqishda rossiyalik olimlar ishtirok etgani ehtimoli bor.
Bundan tashqari, Moskva shimoliy koreyalik harbiylarning Ukrainadagi urushda, xususan, 2024 yil avgustida Ukraina qo‘shinlari kirgan Kursk viloyatidagi janglarda ishtirok etishi uchun Pxenyanga 600 million dollardan ortiq mablag‘ to‘lagan.
Nikkei Asia'ning yozishicha, Pxenyan Moskvadan qurol-yarog‘ yaratish va ishlab chiqarish sohasida yordam, shuningdek, eng zarur mahsulotlarni ham olgan bo‘lishi mumkin.
BBC hisob-kitoblariga ko‘ra, Ukraina-Rossiya urushida KXDRning kamida 2,3 ming harbiysi halok bo‘lgan.