Zelenskiyning sobiq matbuot kotibi Taker Karlsonga bergan intervyusida sobiq rahbarini diktator, munofiq va giyovand deb atadi. Ukraina bu gaplarni rad etdi
Ukraina prezidenti Zelenskiyning 2019 yildan 2021 yilgacha matbuot kotibi lavozimida ishlagan Yuliya Mendel amerikalik jurnalist Taker Karlsonga intervyu berdi. U intervyusida Zelenskiy 2022 yilda "Donbassni topshirishga" tayyor bo‘lganini iddao qildi.
"Men 2022 yilda Istanbuldagi muzokaralarda Ukraina tomonidan qatnaahgan odamlar bilan gaplashganman. Ularning aytishicha, Zelenskiy shaxsan Donbass hududlarini Moskvaga berishga rozi bo‘lgan. Men bundan shokda edim. Endi esa u millionlab auditoriya oldida turib: “Men Donbassni bera olmayman”, demoqda. U o‘z so‘zida qat’iy emas", — dedi Mendel.
Shuningdek, Mendelning ta’kidlashicha, 2019 yilda Parijda Putin bilan bo‘lib o‘tgan va o‘zi ham ishtirok etgan uchrashuvda Zelenskiy Ukraina hech qachon NATO'ga kirmasligiga va’da bergan. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu va’da haqida deyarli hech kim bilmaydi.
Mendel, shuningdek, Zelenskiyni korrupsiya, giyovand moddalar iste’mol qilish va "urushdan foyda ko‘rish"da aybladi.
Intervyu e’lon qilinganidan so‘ng, Mendel Ukrainaning “Mirotvores” sayti bazasiga “rossiyaparast shaxs” sifatida kiritildi. Bunga sabab sifatida "Rossiya tashviqotini (propagandasini) tarqatish" ko‘rsatilgan.
"Bu xonim hech qanday muzokaralarda qatnashmagan, qarorlar qabul qilishda ishtirok etmagan, es-hushi joyida emas. Mendelning gaplari asossizdir", — deya Mendelning intervyusiga izoh berdi Ukraina prezidenti maslahatchisi Litvin.