Forum doirasida Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YTTB) hamda O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasida mamlakat bo‘ylab 110 ta sug‘orish nasos stansiyasini modernizasiya qilish uchun 250 million AQSh dollarigacha bo‘lgan suveren kredit ajratadi.
Investisiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmatining xabar berishicha, loyihadan 10 ta hudud qamrab olinadi va u O‘zbekiston sug‘orish tizimini modernizasiya qilish bo‘yicha Milliy dastur ijrosiga ko‘maklashadi. Natijada yiliga 251 ming Mvt⋅soat elektr energiyasi tejaladi va atmosfera havosiga chiqariladigan karbonat angidrid miqdori 117 ming tonnadan ortiq kamayadi. Shuningdek, loyiha doirasida nasos stansiyalarining tomlariga quyosh panellari o‘rnatilishi kabi qo‘shimcha infratuzilma ham yangilanadi.
Hozirgi kunda YTTBning O‘zbekistondagi investisiyaviy portfeli 5,6 milliard yevro qiymatidagi 181 ta loyihani o‘z ichiga oladi. Mablag‘larning asosiy qismi xususiy sektorni rivojlantirishga yo‘naltirilgan. O‘zbekiston besh yildirki, Markaziy Osiyoda YTTB investisiyalarining eng yirik manzili bo‘lib qolmoqda.