2019 yil 25 oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining majlisi bo‘lib o‘tdi.
Videokonferensaloqa tarzida o‘tkazilgan majlisda Oliy sud sudyalari, jinoyat va fuqarolik ishlari bo‘yicha hamda ma’muriy va iqtisodiy sudlar, harbiy sudlar raislari va sudyalari, Oliy sud huzuridagi Ilmiy-maslahat kengashi a’zolari, Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasi a’zolari, Konstitusiyaviy sud, Sudyalar oliy kengashi, tegishli vazirlik va idoralar vakillari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar mas’ul xodimlari, huquqshunos olimlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Oliy sud raisi K. Komilov boshqargan majlisda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning bevosita tashabbusi bilan sud-huquq tizimida qat’iyat bilan amalga oshirilayotgan tarixiy islohotlar avvalo fuqarolarning Konstitusiya va qonunlarda belgilangan huquq va erkinliklarini amalda kafolatli himoyasini ta’minlash orqali ularni sud organlariga bo‘lgan ishonchini mustahkamlashga xizmat qilayotgani alohida qayd etildi.
Xususan, Prezidentimiz tashabbusi bilan ishlab chiqilgan va amalga joriy etilgan Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalar ijrosining ta’minlanishi amalda o‘z samarasini bermoqda.
Yig‘ilishda Oliy sud Plenumining “Fuqarolik ishlari bo‘yicha birinchi instansiya sudining ajrimlari to‘g‘risida” va “Ma’muriy ishlar bo‘yicha sud harajatlarini undirish amaliyoti haqida”gi qarorlari loyihasi muhokama qilindi.
Plenum majlisida muhokama etilgan “Fuqarolik ishlari bo‘yicha birinchi instansiya sudining ajrimlari to‘g‘risida”gi qaror loyihasi O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik prosessual kodeksi yangi tahrirda qabul qilingani, birinchi instansiya sudi tomonidan ajrimlar chiqarishda qonun normalarini bir xilda va to‘g‘ri qo‘llanishini ta’minlash maqsadida ishlab chiqildi. Mazkur qaror loyihasi bilan sudlarning e’tibori ishni apellyasiya, kassasiya va nazorat tartibida ko‘rish natijasi bo‘yicha chiqariladigan ajrimlardan farqli ravishda birinchi instansiya sudining ajrimi ish mazmunan hal qilinmaydigan sud hujjati hisoblanishiga qaratilmoqda. Birinchi instansiya sudining ajrimlari mazmuni va uni ijro etishning umumiy qoidalari Fuqarolik prosessual kodeksining tegishli normalari bilan tartibga solingan. Birinchi instansiya sudining ajrimlari qonunchilikda belgilangan tartibda sud tomonidan alohida xonada (maslahatxonada) ham, sud majlisi bayonnomasiga kiritgan holda joyida ham chiqarilishi mumkin. Ish bo‘yicha ish yuritish jarayonida yuzaga keladigan alohida prosessual masalalar bo‘yicha ajrimlar ham, ish bo‘yicha ish yuritish tugatiladigan (arizani ko‘rmasdan qoldirish, ishni ish yuritishdan tugatish to‘g‘risida) ajrimlar ham chiqarilishi nazarda tutilgan. Belgilangan tartibda xususan, quyidagi ajrimlar alohida xonada (maslahatxonada) chiqariladi: rad qilish to‘g‘risidagi arzni qanoatlantirish yoki rad qilish, ishni sirtdan ish yuritish tartibida ko‘rish, majburiy keltirish, sud jarimasini solish, ishni mazmunan muhokama qilishni tiklash, hal qiluv qarori yozuvidagi xatolarni va aniq ko‘rinib turgan arifmetik xatolarni tuzatish, hal qiluv qarorini tushuntirish, hal qiluv qarorini darhol ijro etish, hal qiluv qarorining ijrosini kechiktirish yoxud bo‘lib-bo‘lib ijro etish, uni ijro etish usuli va tartibini o‘zgartirish, darhol ijro etishga qaratilmagan hal qiluv qarorining ijrosini ta’minlash, sirtdan qabul qilingan hal qiluv qarorini qayta ko‘rish, arizani ko‘rmasdan qoldirish, ish yuritishni tugatish, prosessual muddatlarni uzaytirish va tiklash, er-xotinga yarashish uchun muhlat tayinlash va ishning ko‘rilishini keyinga qoldirish hamda sud tomonidan qaror qabul qilingunga qadar aliment undirish haqidagi ishlar. Fuqarolik prosessual kodeksining tegishli moddasiga muvofiq murakkab bo‘lmagan masalalarni hal etish bo‘yicha (uchinchi shaxslar, vakillarni ishga jalb qilish yoki kirishishi, guvohlarni chaqirish, sud muhokamasini keyinga qoldirish, dalillarni tekshirish tartibini belgilash, dalillarni talab qilib olish yoki ishga qo‘shib qo‘yish va boshqalar) sud tomonidan maslahat xonasiga kirmasdan joyida ajrim chiqariladi. Shu bilan birga, sud o‘z xohishiga ko‘ra qayd etilgan har qanday masalalar bo‘yicha alohida prosessual hujjat ko‘rinishidagi ajrim chiqarishga haqli.
Shuningdek, Plenum yig‘ilishi ishtirokchilari ma’muriy ishlar bo‘yicha sud xarajatlarini undirish amaliyotida mavjud kamchiliklarni bartaraf qilish, sudlar tomonidan bu boradagi qonun talablarini to‘g‘ri qo‘llanilishini ta’minlash maqsadida ishlab chiqilgan “Ma’muriy ishlar bo‘yicha sud harajatlarini undirish amaliyoti haqida”gi qaror loyihasini ham muhokama qildilar. Aytish kerakki, ma’muriy ishlar bo‘yicha sud xarajatlari davlat boji va ishni ko‘rish bilan bog‘liq chiqimlardan iborat. Qonunga ko‘ra, davlat boji deganda, yuridik ahamiyatga molik harakatlarni amalga oshirganlik va (yoki) bunday harakatlar uchun vakolatli muassasalar va (yoki) mansabdor shaxslar tomonidan hujjatlar berganlik uchun olinadigan majburiy to‘lov tushuniladi. Davlat boji boshqa majburiy to‘lovlar qatorida O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjetini shakllantirishning tarkibiy qismini tashkil etishi tufayli, sudlar ma’muriy ishlar bo‘yicha davlat boji undirishga doir qonun talablariga so‘zsiz rioya etishi shart. Ma’muriy ishlar bo‘yicha davlat boji quyidagilardan undiriladi: birinchi instansiya sudiga beriladigan idoraviy normativ-huquqiy hujjatlar yuzasidan nizolashish to‘g‘risidagi arizalardan; davlat boshqaruvi organlarining, ma’muriy-huquqiy faoliyatni amalga oshirishga vakolatli bo‘lgan boshqa organlarning, fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining va ular mansabdor shaxslarining qarorlari, harakatlari (harakatsizligi) yuzasidan nizolashish to‘g‘risidagi; saylov komissiyalarining harakatlari (qarorlari) yuzasidan nizolashish haqidagi; notarial harakatni sodir etishni, fuqarolik holati dalolatnomalarining yozuvlarini qayd etishni rad etganlik yuzasidan nizolashish yoxud notariusning yoki fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organi mansabdor shaxsining harakatlari (harakatsizligi) yuzasidan nizolashish to‘g‘risidagi; davlat ro‘yxatidan o‘tkazishni rad etganlik yoxud belgilangan muddatda davlat ro‘yxatidan o‘tkazishdan bo‘yin tovlaganlik ustidan beriladigan shikoyatlardan sudlarning hal qiluv qarorlari, ish yuritishni tugatish to‘g‘risidagi, ariza (shikoyat)ni ko‘rmasdan qoldirish haqidagi, sud jarimalarini solish to‘g‘risidagi ajrimlar ustidan beriladigan apellyasiya, kassasiya va nazorat shikoyatlaridan; sud hujjatlarning dublikatlari va ko‘chirma nusxalarini berganlik uchun. Ish hujjatlaridan foto nusxa olish uchun davlat boji undirilmaydi. Ma’muriy ishlar bo‘yicha davlat bojini to‘lash bilan bog‘liq munosabatlar Soliq kodeksi, O‘zbekiston Respublikasi ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeksi hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1994 yil 3 noyabrdagi «Davlat boji stavkalari to‘g‘risida»gi 533-sonli qarori bilan tartibga solinadi. Davlat boji ariza, shikoyat sudga berilgunga qadar to‘lanadi, agar qonunda boshqacha belgilanmagan bo‘lsa (masalan, to‘lovchi davlat bojini to‘lashdan ozod qilingan, davlat boji to‘lash kechiktirilgan yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lanadigan hollarida). Davlat boji naqd pulsiz shaklda to‘langanligi fakti bankning to‘lov qabul qilinganligi to‘g‘risidagi belgisi bo‘lgan to‘lov topshiriqnomasi bilan tasdiqlanishi shart. Davlat boji naqd pul shaklida to‘langanligi fakti bank tomonidan to‘lovchiga beriladigan belgilangan shakldagi kvitansiya bilan yoki O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi belgilagan shaklda davlat bojini qabul qilgan tashkilot yoki mansabdor shaxs tomonidan to‘lovchiga beriladigan kvitansiya bilan tasdiqlanishi kerak. Agar muayyan sudda ko‘rilishi kerak bo‘lgan bir necha arizalar bo‘yicha davlat boji bir to‘lov topshiriqnomasi bilan to‘langan bo‘lsa, to‘lov topshiriqnomasi ishlardan biriga ilova qilinadi. Qolgan ishlarga sudya tomonidan to‘lov topshiriqnomasi sanasi va raqami ko‘rsatilgan hamda to‘lov topshiriqnomasi qo‘shib qo‘yilgan ishga havola qilingan holda davlat boji to‘langanligi to‘g‘risida, belgi qo‘yiladi (ma’lumotnoma tuziladi). Shuni nazarda tutish lozimki, to‘lanishi shart bo‘lgan davlat boji miqdori arizachi sudga murojaat qilayotgan talabga bog‘liq bo‘ladi va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan stavkalar bo‘yicha aniqlanadi. Bir nechta mustaqil talablardan iborat bo‘lgan arizalardan davlat boji har bir talab bo‘yicha alohida, arizalar uchun belgilangan tegishli stavkalar bo‘yicha undiriladi.
Yig‘ilishda ta’kidlanganidek, muhokama etilgan Plenum qarorlari fuqarolik va ma’muriy ishlarni qonuniy hamda adolatli hal etishda fuqarolar va yuridik shaxslarning buzilgan huquqlari hamda qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini himoya qilishga, qonun hujjatlarining sud amaliyotida aniq va bir xilda tatbiq etilishiga, yagona sud amaliyotini shakllantirishga, shuningdek yangi qabul qilingan qonun hujjatlarini amaliyotda yanada samarali qo‘llanilishiga xizmat qiladi.
Shuningdek, yig‘ilishda Plenum qarorlarining mazmun-mohiyati hamda ahamiyatini aholiga, tadbirkorlarga, davlat organlari va tashkilotlar xodimlariga, sudyalarga tushuntirish bo‘yicha viloyatlarda va mahallalarda tadbirlar amalga oshirilishi lozimligi qayd etildi.
Ko‘rib chiqilgan masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.
Plenum majlisida O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori N.Yo‘ldoshev ishtirok etdi.
Aziz Obidov,
O‘zbekiston Respublikasi
Oliy sudi rasmiy vakili