Joriy yilning 5 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi «Osiyo va Tinch okeani mintaqasida transchegaraviy qog‘ozsiz savdoni soddalashtirish to‘g‘risidagi hadli bitim»ning rasmiy a’zosiga aylandi.
Bitimning 19-moddasi qoidalaridan kelib chiqib, ushbu hujjat O‘zbekiston uchun 2025 yil 3 fevraldan boshlab kuchga kiradi.
O‘zbekiston Respublikasining «Osiyo va Tinch okeani mintaqasida transchegaraviy qog‘ozsiz savdoni soddalashtirish to‘g‘risidagi hadli bitim»ga qo‘shilishi yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 7 sentyabrdagi PQ–316-son «Xalqaro shartnomaga qo‘shilish to‘g‘risida»gi qarori qabul qilingan.
Ma’lumot uchun: Osiyo va Tinch okeani mintaqasida transchegaraviy qog‘ozsiz savdoni soddalashtirish to‘g‘risidagi hadli bitim 2016 yil 19 mayda BMTning Osiyo va Tinch okeani mintaqasi bo‘yicha iqtisodiy-ijtimoiy komissiyasi (ESCAP) tomonidan qabul qilingan ko‘p tomonlama xalqaro hujjat hisoblanadi.
Ushbu Hadli bitimning asosiy maqsadi elektron shakldagi savdo hujjatlari va ma’lumotlarini o‘zaro tan olish va almashish uchun shart-sharoitlar yaratish, shuningdek, milliy va submintaqaviy tizimlarning operasion muvofiqligini oshirishga ko‘maklashish orqali qog‘ozsiz transchegaraviy savdoni rivojlantirishga ko‘maklashish hisoblanadi.
Mazkur hujjat 2021 yil 20 fevraldan amal qilib kelayotgan bo‘lib, bugungi kunda, Hadli bitimga jami 14 ta mamlakat rasman qo‘shilgan.
Shu bilan birga, O‘zbekistonning ushbu hujjatga qo‘shilishi mamlakatning qog‘ozsiz savdo xalqaro tizimiga integrasiyalashuvi va Osiyo-Tinch okeani mintaqasidagi hamkor davlatlar bilan eksport-import operasiyalarini jadallashtirish va soddalashtirishga xizmat qiladi.
Investisiyalar, sanoat va savdo vazirligi ushbu xalqaro shartnomani amalga oshirish uchun mas’ul vakolatli organ etib belgilangan.