Bugun 19 may, 2026 yil, seshanba

КИР

O‘zbekiston Markaziy Osiyo davlatlari ichida birinchilardan bo‘lib Rebate va Country Placement dasturlarini e’lon qildi

O‘zbekiston Markaziy Osiyo davlatlari ichida birinchilardan bo‘lib Rebate va Country Placement dasturlarini e’lon qildi

12-20 may kunlari bo‘lib o‘tayotgan 79-Kann xalqaro kinofestivali Marché du Film kinobozorida O‘zbekiston 25 foizli Rebate va Country Placement dasturlarini e’lon qildi.

Nufuzli festival doirasida o‘tkazilayotgan kinobozorda to‘rtinchi bor O‘zbekiston milliy pavilyoni ishga tushirilib, unda O‘zbekistonda xorijiy film va teleloyihalar suratga olish imkoniyatlari hamda mamlakatdagi kinolokasiyalar taqdim etildi. O‘zbekiston milliy pavilyoniga Evropa, AQSH, Kanada, Avstraliya va Osiyo mamlakatlarining 100 dan oshiq prodakshn va distribusiya kompaniyalari vakillari tashrif buyurdi. Shuningdek, O‘zbekiston delegasiyasi kinobozor dasturidan o‘rin olgan tadbirlarda kinoturizmi rivojlangan mamlakatlar, xususan, Turkiya, Saudiya Arabistoni, Malta, Marokash, Yaponiya tajribasini o‘rgandi.

O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi ko‘magida tashkil etilgan pavilyon faoliyati kinoturizm, ya’ni katta auditoriyaga namoyish etiladigan filmlarda O‘zbekistonni namoyish etish orqali mamlakatga ko‘proq sayyohlarni jalb qilish masalasiga qaratilgan.

O‘zbekistonda film, reklama roliklari, televizion hamda ijtimoiy media loyihalari bilan tashrif buyurishga, ayniqsa, Fransiya, Ispaniya, Buyuk Britaniya, Avstraliya, Yaponiya, Kanada, AQSH, Janubi-Sharqiy Osiyo davlatlari prodyuserlari qiziqish bildirmoqda.

Jumladan, Fransiyaning Okino Films prodakshn kompaniyasi prodyuseri, ssenariynavis, rejisser Kventin Klosan o‘zining ilmiy fantastika janridagi filmi uchun Surxondaryo viloyati lokasiyalarini tanlab, ssenariyni moslashtirishi mumkinligini bildirdi.

Surxondaryo viloyati, xususan, uning Boysun tumanida joylashgan Boybuloq g‘ori italiyalik hujjatli film ustalari Alessandro Beltrame va Alessiya Valenti e’tibori markazida bo‘ldi. Butun dunyo bo‘ylab g‘orlar to‘g‘risida hujjatli filmlar tasvirga olib, Amazon Prime platformasida omma e’tiboriga havola qiladigan ijodkorlar Osiyodagi eng chuqur g‘orda 2027 yilda suratga olish ishlarini amalga oshirish istagini bildirdi. Hujjatli film badiiy elementlarni o‘z ichiga olib, hikoya Iskandar Zulqarnayn devori siri kontekstida ochib beriladi. Beltrame O‘zbekiston milliy kinokomissiyasi tomonidan ko‘rsatiladigan amaliy, tashkiliy yordam hamda rebeyt dasturi borligidan mamnunligini bildirdi.

Buyuk Britaniyaning Fact Not Fiction Films kompaniyasi ijrochi direktori Tristan Loreyn O‘zbekistonda aviasiya mavzusida film suratga olish g‘oyasini taqdim etdi. Sobiq aviasiya kapitani bo‘lgan, oxirgi 20 yilda esa 30 dan ortiq filmlar suratga olib kelayotgan Tristan Loreyn O‘zbekistondagi rebeyt dasturi jozibali ekanini bildirdi. Uning ta’kidlashicha, sodda va tez ishlaydigan mexanizmga asoslanishi mamlakat kinoturizmi rivojiga to‘g‘ridan to‘g‘ri ijobiy ta’sir qiladi.

Yaponiyalik prodyuser Yusuke Kamata xalqaro film loyihalarini suratga olishni rejalashtirganda O‘zbekistondagi imkoniyatlarni hisobga olishini bildirdi. Yusuke Kamata Yaponiyadagi eng oldi prodyuserlardan hisoblanib, u HBO Max striming platformasining Tokyo Vice (2022) filmiga, qolaversa, Netflix’ning Missing: The Lucy Blackman Case hamda Fugitive: The Curious Case of Carlos Ghosn xitlariga mahalliy prodyuser bo‘lgan.

O‘zbekiston delegasiyasi Venesiya biyenallesi Venice Production Bridge kinobozori rahbari Paskal Diot, Amerika kinobozori vakili Robin Burt, Londondagi FOCUS lokasiyalar bozori koordinatori Klara Le, Hindiston prodyuserlari xalqaro konklavi tashkiloti direktori Harshad Bhargvat, Deadline Hollywood jurnalining strategik hamkorlik bo‘yicha rahbari Selin Rotterman, Ecran Total jurnali direktori Piyer Abuchala, Variety jurnali vise-prezidenti Denis Parkinson, Screen International media guruhi tijoriy direktori Skott Benfoldlar bilan “Film in Uzbekistan” (O‘zbekistonda tavsirga oling) kampaniyasini amalga oshirish, yanada ko‘proq kinoinvestorlar e’tiborini O‘zbekistonga qaratish bo‘yicha uchrashuvlar o‘tkazdi.

Shuningdek, Malta san’at kengashi va kinokomissiyasi bilan tajriba almashish bo‘yicha suhbatlashdi. Maltaliklar O‘zbekiston milliy kinokomissiyasini kinoturizmi dunyoda eng rivojlanganlaridan bo‘lgan ushbu mamlakat bo‘lmish Maltaga tajriba o‘rganish safariga (study tour) taklif qildi.

Ma’lumot uchun, rebeyt dasturlari so‘nggi yillarda jahon kinoindustriyasida yetakchi tasvirga olish manzillarini belgilab beruvchi asosiy omilga aylanib, bugungi kunda 100 dan ortiq mamlakat va hududda joriy qilingan: Germaniya, Nyu-York va Jorjiya shtatlari 30 foiz, JAR va Chexiya 35 foizgacha, Ozarbayjon 40 foiz, Abu-Dabi 50 foiz rebeyt qaytimini to‘laydi, Saudiya Arabistoni esa shu yilgi kinobozorda o‘z rag‘bat dasturini 50 foizdan 60 foizga, Estoniya – 27 ta loyihaning boshqa mamlakatlarga o‘tib ketgani sabab 30 foizdan 40 foizga ko‘targanini e’lon qildi.

Bu borada O‘zbekiston 2026 yildan boshlab Global Country Placement dasturini ham e’lon qildi. bunday yondashuv jahonda o‘z samarasini allaqachon ko‘rsatgan: Meksika 2015 yildagi "Spectre" Bond filmiga 14 million dollardan ortiq mablag‘ ajratgan va evaziga filmning ochilish sahnasida Mexiko shahri butun dunyoga namoyish etilgan, Yangi Zelandiya esa "The Lord of the Rings" trilogiyasidan so‘ng o‘zini "O‘rta Zamin" sifatida brendlashtirib, kino ta’siridagi sayyohlar sonini sezilarli oshirgan.

Kiritildi: Bugun 18:43. O'qildi: 236 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!