Islom Respublikasi Hormuz bo‘g‘ozidagi suvosti kabellari orqali o‘tadigan global internet va aloqa tizimlariga tahdid qilmoqda. CNN xabar berishicha, Tehron Google, Microsoft va Amazon kabi yirik texnologik kompaniyalarga kabellardan foydalanish uchun to‘lov kiritish yoki yangi qoidalarga bo‘ysunish talabi qo‘ygan.
Xabarlarga ko‘ra, agar shartlar bajarilmasa, Eron tomonidan Hormuz orqali o‘tadigan strategik kabellar uzib qo‘yilishi mumkinligi aytilmoqda. Bu esa Yevropa, Osiyo va Fors ko‘rfazi o‘rtasidagi raqamli aloqalarga jiddiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, Hormuz geografik jihatdan global internet trafigi uchun eng muhim nuqtalardan biri hisoblanadi. Bugungi kunda mintaqadagi davlatlar uchun sun’iy yo‘ldosh aloqa to‘liq muqobil bo‘la olmaydi.
Ekspertlar fikricha, suvosti kabellariga zarar yetsa, internet trafigi katta qismi boshqa yo‘nalishlarga o‘tkaziladi, ammo bu ortiqcha yuklanish va iqtisodiy yo‘qotishlarni keltirib chiqaradi.
Ayrim tahlilchilar Eronning bunday bayonotlarini bosim o‘tkazish vositasi sifatida baholamoqda, chunki bunday infratuzilmani real zararlash texnik jihatdan murakkab va yuqori xavfli hisoblanadi.