Bu haqda The Financial Times nashri "Kremldagi muhokamalarga yaqin" deb ta’riflangan manbalariga tayanib.
Ularning so‘zlariga ko‘ra, Kremlning maqsadlari hozirgi front chizig‘idan ancha tashqariga chiqadi va Moskvada Ukrainaning qarshiligi urush bosimi ostida bosqichma-bosqich zaiflashishi mumkin degan ishonch saqlanib qolmoqda. Garchi Rossiya rahbariyati ommaviy ravishda Donbassni egallashga e’tibor qaratayotgan bo‘lsa-da, nashr suhbatdoshlarining ta’kidlashicha, yopiq muhokamalar ancha keng geografik ufqlarni — hatto Markaziy va Janubiy Ukrainani ham o‘z ichiga olishi mumkin.
Xususan, gap strategik ahamiyatga ega bo‘lgan, jumladan, Qora dengizga chiqish yo‘li va asosiy logistika tugunlari hisoblangan hududlarga nisbatan ehtimoliy da’volar haqida ketmoqda.
FT'ning urushni tugatish bo‘yicha sahna ortidagi muzokaralarda qatnashgan ikki kishiga tayanib yozishicha, Putinning asl maqsadlari, katta ehtimol bilan, kamida butun Dnepr bo‘ylab Ukraina ustidan hukmronlikni mustahkamlashdan iborat bo‘lib, bu Kiyev va Qora dengizdagi asosiy port bo‘lgan Odessani egallashni ham o‘z ichiga oladi.
Rossiya kuchlarining oldinga siljish sur’atlari sekin ekaniga qaramay, Kreml Ukraina armiyasini holdan toydirish va ehtimoliy o‘t ochishni to‘xtatish haqidagi har qanday kelishuv shartlarini bosqichma-bosqich qattiqlashtirishga umid qilmoqda. Agar Rossiya butun Donbassni egallashga muvaffaq bo‘lsa ham, Putin yangi hududiy talablarni ilgari suradi.
Ushbu ma’lumotlarning hozircha biror-bir tasdig‘i mavjud emas. Kreml so‘nggi paytlarda ommaviy ravishda, agar Ukraina qo‘shinlari Donesk viloyatidan olib chiqilsa, o‘t ochishni to‘xtatishga tayyor ekanini muntazam ravishda bildirib kelmoqda, deyiladi nashr maqolasida