Boysun tumanidagi Temirdarvoza mahallasida yashagan Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi, mehnat faxriysi va ustoz-pedagog Shohimardon ota Hamroyev 105 yoshida vafot etdi.
Shohimardon ota urush yillarida Voronej, Latviya, Litva va Estoniya hududlaridagi janglarda ishtirok etgan. U frontdagi og‘ir sinovlarni matonat bilan yengib, Vatan oldidagi burchini sidqidildan ado etgan avlod vakili edi.
Urushdan keyin esa butun umrini ta’lim sohasiga bag‘ishladi. Pedagogika yo‘nalishida tahsil olib, qariyb 40 yil davomida Boysunda rus tili fani o‘qituvchisi bo‘lib ishladi. Ko‘plab yoshlarga ta’lim va tarbiya berdi.
Uning mehnati munosib qadrlanib, “O‘zbekiston Respublikasi xalq ta’limi a’lochisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan.
Shohimardon ota Hamroyev Surxondaryo viloyatida hayot bo‘lgan so‘nggi Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi edi.