O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) ekspertlari tomonidan O‘zbekiston mahsulotlari uchun potensial eksport bozorlari aniqlandi.
Tadqiqot natijalariga ko‘ra quyidagilar ma’lum bo‘ldi:
Meva-sabzavotlar hamda ulardan tayyorlangan turli xil qiyom va sharbatlar. 2024-yilning III-choragida Buyuk Britaniya, Hindiston, Kanada, AQSH, Tailand, Avstraliya kabi mamlakatlarda meva-sabzavotlar hamda ulardan tayyorlangan turli xil qiyom va sharbatlarga bo‘lgan talab yuqori bo‘ldi.
Ushbu mahsulotlarni eksport qilish bo‘yicha Surxondaryo, Xorazm, Farg‘ona, Samarqand, Qashqadaryo va Andijon viloyatlari yaxshi imkoniyatlarga ega bo‘lib, qayd etilgan mamlakatlarga eksportni doimiy ravishda yo‘lga qo‘yish mazkur hududlarning iqtisodiy ahvolini yaxshilashga xizmat qiladi.
Ip-gazlama, kiyimlar, kimyoviy tola va teri mahsulotlari. Mazkur tovarlarga bo‘lgan talab AQSH, Fransiya va Indoneziya davlatlarida yuqori ekanligi aniqlandi.
Ushbu tovarlarni eksport qilishda nisbiy ustunlikka ega bo‘lgan Namangan, Qashqadaryo, Toshkent, Sirdaryo viloyatlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi tadbirkorlarida mazkur bozorlarga chiqish imkoniyatlari mavjud.
O‘g‘itlar, kimyoviy mahsulotlar, un va kraxmal. O‘zbekiston ushbu mahsulotlarini eksport qilishda ham nisbiy ustunlikka ega bo‘lib, mazkur mahsulotlarga asosan AQSH, Buyuk Britaniya, Malayziya, Hindiston, Kanada, Koreya Respublikasi davlatlarida talab yuqori.
Farg‘ona, Navoiy va Toshkent viloyatlari hamda Toshkent shahri tadbirkorlari ushbu mahsulotlarni nisbatan pastroq xarajatlar evaziga eksport qilishi mumkin.
Qimmatbaho toshlar va metallar, rux va mis mahsulotlari. Kanada, Fransiya, AQSH, Germaniya, Koreya Respublikasi, BAA va Xitoy kabi mamlakatlardagi ko‘pgina buyurtmachilarga qimmatbaho toshlar va metallar, rux va mis mahsulotlari zarur ekanligi aniqlandi.
Ushbu mahsulotlarni eksport qilish Navoiy va Toshkent viloyatlari hamda Toshkent shahrida faoliyat olib boruvchi tadbirkorlarga tavsiya etiladi.
Shuningdek, buyurtmachilarning 75,5 foizi uchun mahsulotning qaysi mamlakatdan yetkazib berilishi ahamiyatga ega emasligi ma’lum bo‘ldi. Mazkur guruhdagi buyurtmachilarning 78,4 foizi mahsulotni Incoterms qoidalarining CIF shartlari (mahsulotni ishlab chiqarish, sug‘urtalash va yetkazib berish xarajatlari sotuvchining zimmasiga yuklatiladi) asosida yetkazib berilishini ma’qul ko‘rishi aniqlandi. Mahsulotni yetkazib berish bo‘yicha ma’lum bir davlat talabini qo‘ymagan buyurtmachilarning 60 foizi to‘lov shakli sifatida akkreditivni (LC - Letter of Credit), 28,4 foizi esa telegrafik pul o‘tkazmasi (TT - Telegraphic Transfer) hamda bank orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘tkazmani afzal ko‘rishi ma’lum bo‘ldi.
Izoh: Akkreditiv xalqaro savdoda risk darajasi kichik bo‘lgan eng ishonchli to‘lov shakli hisoblanadi.
Shuni ta’kidlash lozimki, hududlarda transport va eksport infratuzilmasining ushbu potensial bozorlarga chiqish uchun moslashtirilishi, eksportchi korxonalarga yaqindan konsultativ va moliyaviy ko‘mak berilishi eksport ko‘lamining oshishi, samaradorlikning yaxshilanishi, innovasion faoliyatning jadallashishi, aholi turmush darajasining oshishiga xizmat qiladi.
Tadqiqotda respublika va uning hududlari uchun nisbiy ustunlik indeksi (RCA - Revealed Comparative Advantage) hisoblab chiqilgach, O‘zbekiston eksport qilishda nisbiy ustunlikka ega bo‘lgan mahsulotlar hamda ularni eksport qilishi mumkin bo‘lgan viloyatlar aniqlandi. Tahlillarda www.go4worldbusiness.com veb-sahifasidan 2024-yilning iyul-sentyabr oylari uchun veb-skreping (web-scraping) orqali tortib olingan 15320 ta buyurtmachining ma’lumotlari hamda Statistika agentligi ma’lumotlaridan foydalanildi.