2025 yil sentyabr oyida Avstraliyaning Network 10 telekanali va 10 Play striming platformasida The Amazing Race Australia shoucining yangi mavsumi premyerasi bo‘lib o‘tdi. Premyera 8 sentyabr kuni efirga uzatildi. Ushbu mavsumning markaziy qismlaridan biri O‘zbekistonda, xususan Samarqandda o‘tkazilgan suratga olish ishlari bo‘ldi. O‘yin topshiriqlari mahalliy madaniyat va an’analar asosida tashkil etilgan edi.
O‘zbekiston birinchi marta dunyodagi eng mashhur sayohat shoularidan biri — “The Amazing Race” dasturida namoyish etildi.
O‘zbekiston epizodlarida “Andijon polkasi”ni ijro etish, karnay chalish, an’anaviy gilamlarni yuvish, quritilgan mevalarni ajratish, anor sharbati tayyorlash, Turistik Tersak qishlog‘ida kartoshka ekish kabi vazifalar bo‘lgan.
Dastur namoyishining birinchi haftasidayoq Avstraliya va butun dunyo bo‘ylab 1,2 million tomoshabinni jalb qildi. The Amazing Race franshizasi hali ham o‘z obro‘sini saqlab qolgan — amerikalik versiyasi 15 marta Emmy mukofotining “Primetime” nominasiyasida g‘olib chiqqan. 2025 yilda ham u yana Outstanding Reality Competition Program nominasiyasiga da’vogar bo‘ldi.
O‘zbekiston epizodlarida bir qator taniqli avstraliyaliklar ishtirok etdi:
Aysha Skott, “Below Deck” seriali yulduzi va uning turmush o‘rtog‘i, ekstremal sportchi Skott Dobson;
Brendan Fevola, regbi afsonasi, qizining nomi Leni;
Dom Di Tommaso, Red Bull friranneri va uning sherigi Marks Marsters;
Gretel Killin, “Big Brother Australia” dasturining ilk boshlovchisi va qizi, media-prodyuser Epifani;
Rob Mills, qo‘shiqchi va “Australian Idol” finalchisi, kelini — jurnalist Jorji Tanni bilan;
Melisa Leong, gastronomik tanqidchi, dugonasi Leya bilan;
Internetda mashhur aka-uka blogerlar Luk va Sessi Skott;
Lindi Rama-Ellis, Indoneziya-Avstraliyalik model va tadbirkor, qizi Stella bilan;
Stef Tisdell, komediyachi va aktrisa, akasi — shoshilinch tibbiy yordam shifokori Ben bilan.
Ishtirokchilar O‘zbekistondagi suratga olish tajribasini juda ijobiy baholashdi. Masalan, komediyachi Stef Tisdell mamlakatni “betakror tajriba” deb atab, “ajoyib odamlar” va manzaralarning “vizual go‘zalligi”ni ta’kidladi. Boshqa ishtirokchilar ham Samarqanddagi mehmondo‘stlik va qulay sharoitlarni e’tirof etishdi. Tomoshabinlar ham ushbu epizodlarni iliq kutib olib, O‘zbekistondagi topshiriqlarni mavsumdagi eng qiziqarli sahnalardan biri sifatida qayd etishdi.
Shou 2025 yil 18 martdan 25 martgacha davom etgan suratga olish davrida Turizm qo‘mitasi, O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi va Samarqand viloyati hokimligi ko‘magida Samarqand va Urgut tumanidagi Tersak qishlog‘ida o‘tkazildi. Suratga olish jarayonini Next Field International (AQSh) telekompaniyasi tashkil qilgan.
Next Field International bosh direktori Stanislav Solovkin ta’kidlaganidek:
“Shou nixoyatda muvaffaqiyatli bo‘ldi, O‘zbekistonning ishtiroki esa mamlakatning xalqaro miqyosda tanilishiga yangi yo‘l ochdi. Endi ko‘plab xorijiy prodyuserlar O‘zbekistonda suratga olish imkoniyatlari bilan qiziqishmoqda.”