Bugun 25 aprel, 2024 yil, payshanba

КИР

O‘zbekiston fuqarolariga Buyuk Britaniyada ishlash imkoniyatlari yaratiladi

O‘zbekiston fuqarolariga Buyuk Britaniyada ishlash imkoniyatlari yaratiladi

Mamlakatimiz elchixonasi ko‘magida O‘zbekiston Tashqi mehnat migrasiyasi vakillari va britaniyalik ish beruvchilar ishtirokida gibrid formatda uchrashuv tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.

Uchrashuvda Buyuk Britaniya Ish beruvchilar assosiasiyasi rahbari Devid Kemp, shuningdek, britaniyaning «AG recruitment», «Soncordia» va «Labour Solutions» rekruting kompaniyalari rahbarlari ishtirok etishdi.

Unda O‘zbekistonda mehnat migrasiyasi sohasida amalga oshirilayotgan ishlar hamda mazkur yo‘nalishda mamlakatimizning imkoniyatlari, mehnat migrantlarini tayyorlashga ixtisoslashgan «Mono markazlar» to‘g‘risida batafsil ma’lumotlar berildi.

Muloqot davomida 2023 yilda Britaniya hukumati tomonidan mavsumiy xorijiy mehnat migrantlari uchun ajratilgan 45 mingta kvota doirasida O‘zbekistondan ishchi kuchini jalb etish, mehnat muhojirlariga yaratiladigan shart-sharoitlar, ularning huquq va manfaatlari yuzasidan fikr almashildi.

Buyuk Britaniya Ish beruvchilar assosiasiyasi rahbari Devid Kemp bu sohada O‘zbekiston bilan hamkorlik qilish ikki tomon uchun birdek mafaatli bo‘lishini ta’kidladi.

Uning aytishicha, hozirgi kunda Britaniyada ishchi kuchiga bo‘lgan ehtiyoj oshib borayotganligi sababli hukumat tomonidan ajratilgan kvota doirasida o‘zbekistondan mehnat migrantlarini tartibli va uyushgan tarzda mavsumiy qishloq xo‘jaligi ishlariga jalb etish imkoniyatlari mavjud. Bu borada Britaniyaning rektruting kompaniyalari bilan hamkorlikni yanada jadallashtirish kerak.

«Men Assosiasiya rahbari sifatida xorijdan kelayotgan ishchi kuchlari, shu jumladan, O‘zbekistondan jalb etiladigan mehnat migrantlarining rekruting jarayonida huquq va manfaatlari britaniyalik ish beruvchilar tomonidan buzilmasligi va doimiy ravishda monitoring qilib borilishiga ishonchim komil», dedi Devid Kemp.

«Soncordia» kompaniyasi direktori Simon Bovyer, o‘z navbatida, 2021-2022 yillar davomida mazkur yo‘nalishda O‘zbekiston bilan amalga oshirilgan samarali hamkorlik natijasida 2023 yilda o‘zbekistonlik mehnat migrantlarini ish bilan ta’minlashga tayyorligini aytdi.

Uchrashuv yakunida mazkur yo‘nalishdagi o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish, ikki tomonlama Memorandum loyhalarini ishlab chiqish va imzolashga kelishib olindi.

Kiritildi: 10:53 12.01.2023. O'qildi: 3823 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!