O‘zbekistonning qarorgohi Vashingtonda joylashgan elchisi Furqat Sidiqov Braziliya prezidenti Luis Inasiu Lula da Silvaga ishonch yorliqlarini topshirdi, deb xabar bermoqda «Dunyo» axborot agentligi.
Muloqot chog‘ida mamlakat prezidenti O‘zbekistonni istiqbolli va ishonchli hamkor sifatida ko‘rishini ta’kidlab, ikki tomonlama munosabatlarni yanada chuqurlashtirishdan manfaatdor ekanini ta’kidladi.
Shu bilan birga, oliy darajadagi siyosiy muloqotni faollashtirish, savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikni kengaytirish, ikki mamlakat o‘rtasidagi amaliy o‘zaro hamkorlikni yanada boyitish masalasida fikr-mulohaza almashildi.
Mezbonlar BMT, BRIKS va boshqa xalqaro maydonlarda Braziliya tashabbuslarini izchil qo‘llab-quvvatlayotgani uchun O‘zbekistonga minnatdorchilik bildirdi, deyiladi xabarda.
«Braziliya O‘zbekistonning Lotin Amerikasidagi asosiy hamkorlaridan biridir. Ikki mamlakat o‘rtasidagi aloqalarni yanada mustahkamlash yo‘lidagi faol sa’y-harakatlarimizni davom ettiramiz», — deya yozdi elchi X sahifasida.