O‘zbekiston Olimpiya terma jamoasi bosh murabbiyi Ravshan Haydarov va futbolchi Sardorbek Bahromov 2026-yilgi U-23 Osiyo Kubogi chorak finali doirasida Xitoyga qarshi bo‘ladigan uchrashuv oldidan matbuot anjumanida qatnashdi.
Dastlab, murabbiy jamoaning holati va tayyorgarligi haqida fikr bildirdi. Mutaxassis ta’kidlashicha, O‘zbekiston Olimpiya terma jamoasi oldiga qo‘yilgan dastlabki vazifa bajarilgan.
“Oldimizga qo‘yilgan birinchi vazifani uddalaganimizdan xursandmiz. Pley-offga chiqqan barcha jamoalarni tabriklayman. Ertaga Xitoy bilan maqsadlarimiz yo‘lidagi eng muhim o‘yin bo‘lib o‘tadi. Tiklanish jarayonlarini yaxshi o‘tkazdik, raqib uchrashuvlarini tahlil qilib, yetarlicha o‘rgandik. Jamoamiz bellashuvga tayyor”, dedi Haydarov.
Bosh murabbiy Ar-Riyod shahridan Jiddaga ko‘chish jarayoni va ob-havo sharoitlariga ham to‘xtalib o‘tdi.
“Ar-Riyoddan Jiddaga uchib keldik. Havo biroz issiqroq, ammo moslashib oldik. Farq juda katta emas va bu jamoamizga ta’sir o‘tkazmaydi. Biz Xitoydan bir kun avval o‘yin o‘tkazdik, biroq o‘sha kun safarga sarflandi. Shunga qaramay, tiklanish bo‘yicha barcha rejalarimizni amalga oshirdik. Bitta futbolchidan tashqari, barcha futbolchilar jangovar holatda. Himoyachimiz Nurlan Ibraimov ikkita sariq kartochka olgani sababli ertangi bahsni o‘tkazib yuboradi”, dedi murabbiy.
Shuningdek, Haydarov Xitoy Olimpiya terma jamoasi haqida ham o‘z fikrlarini bildirdi:
“Xitoy terma jamoasini anchadan beri bilamiz. Ko‘plab musobaqalarda bir-birimizga qarshi o‘ynaganmiz. Ular yildan-yilga yaxshilanib bormoqda. Hozir bu jamoa eng yaxshi holatiga yetgan. Juda tartibli va hurmatga sazovor jamoa. Biz ham shunga yarasha tayyorgarlik ko‘ryapmiz”.
O‘zbekiston U-21 terma jamoasi futbolchisi Sardorbek Bahromov ham ertangi uchrashuv oldidan Xitoy Olimpiya terma jamoasiga yuqori baho berdi.
“Mana shu bosqichga chiqqanimiz bilan butun O‘zbekistonni tabriklayman. Ertaga muhim o‘yin bo‘lib o‘tadi. Raqibimizga ham omad tilayman. Endi raqib tanlash yo‘q, maydonga chiqib g‘alaba qozonishga harakat qilamiz. Xitoy yaxshi terma jamoa. Turli yosh toifalaridagi jamoalarimiz ularga qarshi jangovar o‘yinlar o‘tkazgan. Ular hujumda ham, himoyada ham birdek yaxshi o‘ynaydi. Biz esa ertaga o‘zimizni har tomonlama ko‘rsatib, keyingi bosqichga chiqishga intilamiz”, dedi Bahromov matbuot anjumanida.
Ma’lumot uchun, Saudiya Arabistonida bo‘lib o‘tayotgan U-23 Osiyo Kubogida “C” guruhini birinchi o‘rin bilan yakunlagan O‘zbekiston Olimpiya terma jamoasi chorak finalda “D” guruhida ikkinchi o‘rinni egallagan Xitoy terma jamoasiga qarshi maydonga chiqadi.
O‘zbekiston — Xitoy uchrashuvi 17-yanvar kuni Jidda shahridagi “Shahzoda Abdulloh al-Faysal” stadionida Toshkent vaqti bilan soat 16:30 da boshlanadi.
Musobaqada 2003-yil 1-yanvardan keyin tug‘ilgan futbolchilar ishtirok etish huquqiga ega. Ushbu turnirda Ravshan Haydarov boshqaruvidagi O‘zbekiston U-21 terma jamoasi qatnashmoqda.