Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Arag‘chi va uning xitoylik hamkasbi Van I telefon orqali muloqot o‘tkazdi.
Tasnim News xabar berishicha, tomonlar 25 yillik hamkorlik to‘g‘risidagi kelishuv doirasida munosabatlarning har tomonlama rivojlanayotganidan mamnun ekanliklarini bildirishgan.
Suhbat davomida Abbos Arag‘chi va Van I ikki mamlakat rahbarlarining o‘zaro manfaatli bo‘lgan barcha sohalarda aloqalarni mustahkamlash va kengaytirishga qat’iy qaror qilganini ta’kidlashgan.
Eron tashqi ishlar vaziri, shuningdek, Xitoy hamkasbini mamlakatda ommaviy namoyishlar fonidagi vaziyat haqida xabardor qilgan: "Terroristik unsurlarning aralashuvi tinch norozilik aksiyalarining zo‘ravon tus olishiga olib keldi", — dedi Arag‘chi.
U, shuningdek, Xitoy tomoniga qo‘llab-quvvatlagani va Eronning ichki ishlariga xorijiy aralashuvni tanqid qilgani uchun minnatdorlik bildirgan.