Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov mamlakatning gaz tarmog‘ini Rossiyaning “Gazprom” kompaniyasidan qaytarib olish ehtimolini ma’lum qildi.
"Agar kompaniya respublika hududini to‘liq gazlashtirish bo‘yicha zimmasiga olgan majburiyatlarni bajarmasa, hukumat tizimni davlat nazoratiga qaytarib, bu ishni mustaqil amalga oshirishga kirishishi mumkin", — dedi Japarov Talas viloyati aholisi bilan uchrashuvda.
Shu bilan birga, Japarov esa hozirgi sharoitda mahalliy aholiga gaz qachon yetib borishi bo‘yicha aniq va’da berish imkoniyati cheklanganini aytdi. Uning ta’kidlashicha, Qirg‘izistonning gaz uzatish va taqsimlash tizimi “Gazprom” nazoratida bo‘lgani uchun tarmoqni kengaytirish bilan bog‘liq qarorlar ham kompaniya bilan kelishilishi kerak.
"Hozir o‘z gaz tizimimizning egasi emasmiz. Uning egasi “Gazprom”. 2013 yilda ular “Qirg‘izgaz” bizga kerak emas, bizga gaz kerak, deb uni bir dollarga sotib olishgan. Shuning uchun Qirg‘izistondagi gaz bilan bog‘liq muammolarni faqat ular bilan kelishib hal qila olamiz", — dedi prezident.
Japarov 2013 yilgi kelishuvda “Gazprom” zimmasiga butun mamlakatni gazlashtirish uchun mablag‘ ajratish majburiyati yuklanganini, ushbu shartlar hanuzgacha to‘liq bajarilmaganini, so‘nggi ikki-uch yil davomida kompaniya bilan muzokaralarda bu masalani muntazam ko‘tarib kelayotganini aytdi.
"Agar buni bajarmasangiz, tizimni xuddi “Qumtor” oltin koni kabi qaytarib olaman va o‘zim gazlashtiraman, deb aytyapman. Ammo gaz tizimi bizga o‘tmaguncha, bu ishni amalga oshirishga va’da bera olmayman", — deya ta’kidladi u.
2013 yil 26 iyulda Moskvada ikki davlat hukumatlari o‘rtasida gaz sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida bitim imzolangan. Hujjatga muvofiq, “Qirg‘izgaz”ning 100 foizlik ulushi Rossiya tomoniga bir dollar evaziga o‘tkazilishi belgilangan. “Gazprom” esa kompaniyaning qarzlarini o‘z zimmasiga olish, gaz infratuzilmasini modernizasiya qilish va uni rivojlantirish majburiyatini olgan.
Bitimning amal qilish muddati 25 yil etib belgilangan va u 2014 yilda kuchga kirgan. Shu sababli uning asosiy muddati 2039 yilgacha davom etadi. Hujjatda kelishuv tugaganidan keyin gaz kompaniyasi va tegishli infratuzilmani Qirg‘iziston tomoniga qaytarish tartibi ham nazarda tutilgan. Biroq bu jarayon aktivlarning bozor qiymatini mustaqil baholash va tegishli kompensasiya to‘lash shartlari bilan bog‘langan.