Norozilik aksiyalari mamlakatning 50 dan ortiq shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Valensiyada namoyishchilar va polisiya o‘rtasida to‘qnashuvlar yuz berib, huquq-tartibot idoralari rezina o‘q va ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz qo‘llagan. Barselonadagi aksiya esa noqulay ob-havo sababli boshqa vaqtga qoldirilgan.
Namoyishlarga Ispaniya parlamenti hukumatning uy-joy inqiroziga qarshi qaratilgan ikki muhim qarorini rad etgani sabab bo‘ldi. Ularda ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarni majburan ko‘chirishni cheklash, qisqa muddatli ijaraga nisbatan qat’iyroq qoidalar joriy etish, ko‘chmas mulk bozoridagi spekulyasiyalarga qarshi choralar ko‘rish hamda uy-joy qurilishi uchun soliq imtiyozlari berish nazarda tutilgan edi.
Aholining noroziligi Madridda 87 yoshli Marikarmen Abaskalning ko‘p yillar yashagan xonadondan majburan chiqarilganidan keyin yanada kuchaygan. Uning holati uy-joy muammosiga qarshi namoyishlarning ramzlaridan biriga aylangan.
Hukumatning tashabbuslari parlamentda qo‘llab-quvvatlanmagani bosh vazir Pedro Sanches uchun jiddiy siyosiy zarba sifatida baholanmoqda. Ispaniya ommaviy axborot vositalari mamlakatda muddatidan oldin parlament saylovlari o‘tkazilishi mumkinligini ham yozmoqda.