Bugun 5 may, 2024 yil, yakshanba

КИР

Uvol bo‘lgan yoshlik yoxud og‘u tomgan umr

Uvol bo‘lgan yoshlik yoxud og‘u tomgan umr

Hayot degan katta ummonning o‘pqonlari,  to‘fonlari, bo‘ronlari ko‘p. Kimdir bu to‘fonlardan  aql bilan omon qolsa, kimnidir bu o‘pqonlar o‘z domiga tortadi. Hayotning qonuni shunday: Kuchlilar, irodalilar to‘g‘ri yo‘lni tanlaydi, qoqilsa  ham yiqilmaydi.    To‘g‘ri yo‘l qolib, egri yo‘lni tanlaganlar  esa  hayotning  barcha ne’matlaridan bebahra qolishi aniq.

       Xayriddin Sobirov ( ismi- sharifi o‘zgartirilgan) bila ko‘ra egri yo‘lga kirganlar toifasidan. U ayni navqiron  26 yoshda.  Ammo jinoyat ko‘chasiga bir necha yil avval,  21 yoshida kirgan, sudning qora kursisiga qayta –qayta o‘tirib, yosh umrini, orzularini barbod qilgan yigit bir emas, to‘rtinchi bor jinoyat sodir etganligidan taajjublanadi kishi. Nahotki, uni bu yo‘ldan qaytaradigan ota-onasi, mahalla ko‘y, do‘stlari, yaqinlari yo‘q bo‘lsa..

Birinchi  bor 2015 yilda jinoyat ishlari bo‘yicha Nurota tuman sudining ajrimi bilan    Jinoyat kodeksining 169-moddasi 1-qismi bilan yuritilgan jinoyat ishi JKning 661-moddasiga asosan tugatilgan,  ikkinchi bor 2017 yilda jinoyat ishlari bo‘yicha Nurota tuman sudining ajrimi bilan  Jinoyat kodeksining 169-moddasi 1-qismi bilan yuritilgan jinoyat ishi Jinoyat kodeksining 661-moddasiga asosan tugatilgan,  uchinchi bor 2018 yilda jinoyat ishlari bo‘yicha Nurota tuman sudining hukmiga ko‘ra   JKning 169-moddasi 2-qismi “g” bandi bilan, JKning 57-moddasini qo‘llab, oylik ish haqining 20 foizi miqdorida davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 1 yil axloq bo‘yicha tuzatish ishlari jazosi tayinlangan,  2018 yilda jinoyat ishlari Nurota tuman sudining ajrimi bilan   JKning 73-moddasiga asosan o‘talmay qolgan 7 oy axloq tuzatish ishlari jazosi muddatidan ilgari shartli ozod qilingan.

         To‘rtinchi bor qilgan mana bu jinoyati    uchun    2019 yil noyabrda jinoyat ishlari bo‘yicha Navoiy shahar sudi tomonidan sirtdan “Qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilib, 2019 yil dekabrda JPKning 221-moddasi tartibida ushlangan.

            Jinoyat kodeksining 25,273-moddasi 2-qismi bilan ayblangan bu yigitning jinoyatlar  tarixi ana shunday.

   2019 yil 26 avgust kuni soat 13:05larda    Navoiy davlat pedagogika instituti binosi yonida joylashgan savdo do‘kon oldida giyohvandlik vositalarini qonunga xilof ravishda o‘tkazish maqsadida,   2 (ikki) dona qog‘oz bo‘laklariga solib qadoqlangan,    1,46 (bir butun qirq olti) gramm “Marixuana” giyohvandlik vositasini  kelishgan mijozga o‘tkazayotgan vaqtida  shahar IIBning tezkor tadbir ishtirokchilari tomonidan ushlanib,   giyohvandlik vositalari xolislar ishtirokida ashyoviy dalil sifatida hujjatlashtirib olingan.

Sud majlisida sudlanuvchi X. Sobirov aybiga to‘liq iqrorlik bildirib, dastlabki tergovda bergan ko‘rsatuvlarini tasdiqlab, 2019 yil yoz faslida Navoiy shahrida A.Yassaviy ko‘chasida   G. Olimovning uyida 80.000 so‘m evaziga ijaraga yashay boshlaganligini, 2019 yil iyul oyi boshlarida    Akmal  ismli shaxs bilan tanishganligini, ijarada     yashab yurgan vaqtlari,    G. Olimovning giyohvandlik vositalarining noqonuniy savdosi bilan shug‘ullanishi haqida bilib qolganligini,  uy egasi giyohvandlik vositalarini uyining qaysi joylarida saqlayotganligini bilib qolganligini,  shundan so‘ng tanishi R. O‘roqov undan 100.000 so‘mga  G. Olimovdan giyohvandlik vositalari sotib olib berishni iltimos qilib so‘raganligini, shunda u  bu  taklifga rozi bo‘lib, Navoiy shahrida joylashgan “Piramida” kafesining orqa tomonida  R. O‘roqovdan 100.000 so‘m miqdordagi pullarni olganligini, shundan so‘ng giyohvand moddasi sotib olish maqsadida o‘zi ijaraga yashab kelayotgan  uyiga borganligini, u u egasi bilan  o‘zaro gaplashib, o‘zining iste’moli uchun 100.000 so‘m evaziga deb giyohvandlik moddasini berishni so‘raganligini, shunda G. Olimov unga 2 ta qog‘oz bo‘lagiga qadoqlangan giyohvandlik vositasini berganligini va “og‘u”ni  so‘ragan odamga uni berish uchun kelishgan joyga borayotganda qo‘lga tushganligini tan oldi.

     O‘zbekiston Respublikasi Oliy Sudi Plenumining 2017 yil 28 apreldagi “Giyohvand vositalari va psixotrop moddalar bilan qonunga xilof ravishda muomala qilishga oid jinoyat ishlari bo‘yicha amaliyoti to‘g‘risida”gi qarorining 3-bandida, giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar bilan qonunga xilof ravishda muomala qilish degandi, ularni O‘zbekiston Respublikasi qonunlarida belgilangan shart va tartibini buzgan holda O‘zbekiston Respublikasiga olib kirish, tranzit tarzida o‘tkazish, saqlash, berish, realizasiya qilish, taqsimlash, ulardan foydalanish va ularni yo‘q qilish, shuningdek tarkibida giyohvandlik moddasi bo‘lgan o‘simliklarni yetishtirish haqida tushuncha berilgan.

  Jinoyatning tashkilotchilari va faol ishtirokchilari, shu jumladan, giyohvandlik vositalari yoki psixotrop moddalarni sotuvchilar, o‘tkazuvchilar, bunday vosita yoki moddalarni O‘zbekiston Respublikasiga olib kirish yoki uning hududi orqali tranzit tarzda o‘tkazgan, shu kabi jinoyatlar uchun muqaddam sudlangan shaxslar og‘irroq javobgarlikka tortilishlari ko‘rsatilgan.

 Sud yuqoridagi qonun va Plenum qarori talablaridan kelib chiqib, sudlanuvchi X. Sobirovga jazo turi va miqdorini belgilashda qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymonligini, oilaviy sharoitini, yoshligini, muqaddam sudlanib, o‘ziga tegishli xulosa chiqarmaganligini, qasddan yana jinoyat sodir etganligini, jinoyatning ijtimoiy xavflilik darajasi og‘ir jinoyatlar turkumiga kirishini inobatga olib, ushbu holatlarni jinoyatni ijtimoiy xavflilik darajasini jiddiy kamaytiruvchi holatlar deb topib, unga nisbatan JKning 57-moddasini qo‘llab, u aybli deb topilgan modda sanksiyasida belgilangan ozodlikdan mahrum qilish jazosining eng kam qismidan ham kamroq ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlashni lozim topadi.  Navqiron yoshini yellarga sovurgan,   uvol qilgan yigit yana takror temir panjara ortiga yo‘l oldi...

Norbibi SHODIYEVA,

 Norbek MIRZAYEV,

Jinoyat ishlari bo‘yicha Navoiy shahar sudi xodimlari

Kiritildi: 21:35 21.09.2020. O'qildi: 2742 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!