Bugun 10 iyul, 2025 yil, payshanba

КИР

O‘tgan yili yo‘l-transport hodisasida 2 ming 203 nafar fuqaro halok bo‘lgan

O‘tgan yili yo‘l-transport hodisasida 2 ming 203 nafar fuqaro halok bo‘lgan

O‘zbekiston Prezidenti raisligida yo‘l harakati xavfsizligini oshirish va tirbandlikni kamaytirishga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda. Yig‘ilishda oxirgi yillarda amalga oshirilgan islohotlar tahlil qilinib, hal etilishi lozim bo‘lgan masalalar belgilab berildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilayotgan videoselektor yig‘ilishida so‘nggi 7 yilda yo‘l sohasida amalga oshirilgan ishlar tahlil qilindi. Ma’lum qilinishicha, 2017 yilgacha ajratilgan mablag‘larga nisbatan 3,5 barobar ko‘p — 61 trln so‘m yo‘llarni qurish va ta’mirlashga yo‘naltirilgan.

Yo‘l harakati xavfsizligi bo‘linmalariga kelish 50 foizga kamaydi. Bu natijaga onlayn murojaat tizimi orqali erishildi. Shuningdek, 3 ming 365 nafar YHXX xodimi zamonaviy planshet va bodikameralar bilan ta’minlandi. Qoidabuzarliklarni sun’iy intellekt saralab, qaror chiqarayotgani qayd etildi.

Yo‘l chiziqlari, texnik ko‘rik va haydovchilik imtihonlari kabi 8 ta xizmat autsorsingga topshirilib, xususiy sektor jalb qilindi. Jamoat transporti uchun maxsus yo‘laklar tashkil qilindi. Shuningdek, haydovchilar uchun qator yengilliklar joriy etildi — masalan, yo‘l chizig‘ini bosish holatini kamera orqali qayd etish bekor qilindi.

Shaharlarda yo‘llarni kunduzi ta’mirlash taqiqlandi, kechqurun jamoat transporti yo‘laklaridan boshqa haydovchilar foydalanishi mumkin bo‘ldi. Radar o‘rnatilgan hududlarda yo‘l belgisini qo‘yish majburiyligi ham belgilandi.

Prezident yig‘ilishda hali yechimini kutayotgan masalalar ko‘pligini ta’kidladi. Yo‘l-transport hodisalari tufayli iqtisodiyotga yetkazilayotgan zarar yalpi ichki mahsulotning 0,4 foizini tashkil qilayotgani qayd etildi. Faqat o‘tgan yilining o‘zida 9 ming 364 ta yo‘l-transport hodisasi qayd etilgan bo‘lib, ularda qariyb 9 ming kishi jarohat olgan va 2 ming 203 nafar fuqaro halok bo‘lgan.

Eng ko‘p o‘lim holatlari Samarqand, Toshkent va Farg‘ona viloyatlarida kuzatilmoqda.

Kiritildi: 16:04 09.07.2025. O'qildi: 331 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!