Bugun 7 may, 2024 yil, seshanba

КИР

Ustozini chuv tushirib, anchagina pulini o‘zlashtirgan shogird qo‘lga olindi

Ustozini chuv tushirib, anchagina pulini o‘zlashtirgan shogird qo‘lga olindi

Firibgarlik shunday jinoyatki, unga qachon va qay vaziyatda duch kelishingizni bilmaysiz. Rustam Hojiyev (ism-shariflar o‘zgartirildi) ham qatiqdan bu qadar og‘zi kuyishi ni xayoliga keltirmagandi.

Vagon kuzatuvchisi vazifasida ishlaydigan Rus tam Hojiyev o‘ziga shogird sifatida biriktirilgan Shokirjon bilan tezda til topishib ketdi. Kirishimli, har qanday mavzuda suhbatni qizita oladigan Shokirjon bir necha safardan so‘ng qadrdon shogird maqomiga erishdi.

Navbatdagi reys bo‘yicha uzoq viloyatlardan biri tomon yo‘lga chiqqan poyezd azim poytaxtni ortda qoldirib, bir maromda silkingancha, yo‘lning tanobini torta boshladi. Bu orada Rustam aka yo‘lovchilarning chiptalarini tekshirib chiqqach, Shokirjon choyshab va sochiqlarni tarqatib chiqdi. Shundan so‘ng odatga ko‘ra, bir choynak choy damlab kelib, yig‘ib chiqilgan chiptalarni yana bir marta nazardan o‘tkazayotgan ustozining oldiga qo‘ydi. O‘tirib choy ichishdi. Rustam aka og‘ir xo‘rsinib qo‘ydi. Hushyor shogird ustozining tushkun kayfiyati sababini so‘rashga qulay vaziyatni kutayotgandi.

Tinchlikmi, aka? Bugun negadir shashtingiz past.

Bola-chaqaning tashvishi-da, Shokirjon. O‘g‘lim bu yil o‘qishga kirolmadi. Endi xorijga ishlagani ketaman, deb oyoq tirab turib olgan. Musofir yurtga qanday jo‘nataman. Mehnat qilaman degan odamga shu yerda ham ish ko‘p-ku, desam unamayapti.

Shokirjon ma’noli bosh silkib qo‘ydi. So‘ngra derazadan uzoq ufqqa tikilgan ko‘yi o‘yga cho‘mgan ustoziga maslahat berishga tutindi:

Biror joyga ishga joylab qo‘yishga harakat qilmadingizmi?

O‘zim ham shuni o‘ylab o‘tiribman. Aytgancha, siz ilgari ichki ishlar idoralarida ishlaganman degandingiz. Tanishlaringiz yo‘qmi?

Tanish-bilish ko‘p, aka, dedi Shokirjon yana odatdagidek so‘zamollik bilan.

Gaplashib, o‘g‘limga forma kiydiraylik, uka. Yaxshi kunlaringizda xizmat qilardik.

Shokirjonga pul juda zarur edi. Shu bois aslida muammolarini hal qilish uchun qancha mablag‘ kerakligini hisoblab ko‘rayotgandi. Besh-olti oyga birovdan qarz so‘rab yugurgandan ko‘ra, o‘zi kelib turgan pul-ku. Pul topganimda ish hal bo‘lmadi, uzr aka, deb qaytarib beraman, olam guliston , xayolidan o‘tkazdi u.

Men bir gaplashib ko‘ray-chi, lekin oldindan bir gap aytish qiyin, xayolidan o‘tkazganlari Shokirjonning tiliga shu holda ko‘chdi.

Ishning qolgan qismi juda silliq kechdi. Oradan bir necha kun o‘tib, u tanish-bilishlari bilan gaplashganligini aytdi. Boshlanishiga 1500 AQSh dollari, qolganini ish hal bo‘lgandan keyin berish kerakligini qistirib o‘tdi. Boshi osmonga yetgan Rustam aka uzoq kuttirmasdan, aytilgan pulni olib keldi.

Muammolarini hal qilib olgan Shokirjon birda u, birda bu bahona bilan vaqtni o‘tkazdi. Pul topishi bilan egasiga qaytarish esa tobora qiyinlashib bordi. Bu orada Rustam aka shubhalanmasligi uchun o‘g‘lining hujjatlarini tayyorlashdagi xarajatlar uchun deb, yana 100 dollar zarurligini aytdi. Avvalgi mablag‘ni topish uchun ham qarindoshlaridan qarz ko‘targan ustoz yonida bo‘lgan 50 AQSh dollarini berib, shu bilan amallanglar , deb o‘tindi.

Yana kutishlar, navbatdagi bahonalarni eshitish bosh landi. Oradan roppa-rosa bir yil o‘tdi. Rustam aka turli bahonayu sabablarni eshitishdan charchagan bo‘lsa, o‘g‘li bekorchilikdan bezor bo‘ldi. O‘qishga kirish uchun navbatdagi urinishi ham muvaffaqiyatsiz chiqqach, qat’iy turib xorijga ishlagani ketishini bildirdi. Shundan so‘ng Rustam aka shogirdidan pulni qaytarishni talab qildi.

Gap yo‘q, aka. Istamasangiz, o‘zingiz bilasiz. Bu tez hal bo‘ladigan ish emasligini boshidayoq aytishim kerak ekan. Ayb menda. Endi biroz kuting. Pulni qaytib olib beraman, dedi Shokirjon.

Uning dadil gapirishidan Rustam aka biroz xotirjam tortdi. Ammo oradan haftalar, oylar o‘tsa hamki, puldan darak bo‘lmadi. Bu orada boshqa yo‘nalishda vagon kuzatuvchisi vazifasiga o‘tgan Shokirjon ustozidan o‘zini olib qochadigan, qo‘ng‘iroqlarga javob bermaydigan bo‘ldi.

Nihoyat, chuv tushganini anglab yetgan Rustam Hojiyev huquq-tartibot idorasiga murojaat qildi. Ish har tomonlama o‘rganib chiqilgach, Shokirjon Komilovning qonun oldida javob berishiga to‘g‘ri keldi. Biroq, o‘z navbatida, farzandini pora berib ishga joylashtirish qonunga zid ekanligini anglagan holda, shu maqsadni ko‘zlagani uchun Rustam Hojiyev ham tegishli tartibda javobgarlikka tortildi.

Manba: Postda gazetasi

Kiritildi: 11:59 19.02.2019. O'qildi: 1359 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!