Toshkentlik 36 yoshli Murod Sadirov (ism-shariflar o‘zgartirilgan)ichki ishlar idoralarining birida 2018 dan 2020 yilga qadar navbatchilik qism haydovchisi bo‘lib ishlagan. U tirikchilikning to‘g‘ri yo‘lini tanlamay firib ishga qo‘l urdi. Ya’ni, o‘z tanishlarini chuv tushirib,ulardan foydalandi.
Bir kuni tanishi Qosim O‘rinov bilan o‘zaro suhbatda uning 2018 yilda bankdan kredit asosida “Nexia-3” avtomashina olganligini, lekin kredit to‘lovlari uni qiynayotganligi sababli qarz berib turishni so‘raganidan foydalanib, unga puli yo‘qligini, lekin kredit asosida maishiy texnika olib, ularni sotib naqd pul ishlab olish taklifini aytadi.
Bu taklif do‘stiga yoqib tushadi.
-Menga ham yo‘l-yo‘riq ko‘rsat, men ham pul ishlab olay deydi.
Shundan so‘ng ikkisi poytaxtdagi “Media park”, “Texno park”, “Zamin market” kabi do‘konlardan kredit asosida maishiy texnika ya’ni, televizor, mikro to‘lqinli pech, telefon, avtomashina uchun ehtiyot qisimlar fara, pult, antiradar va shu kabi texnikalarni olib o‘zini nomiga hamda Q.O‘rinovning nomiga rasmiylashtiradi.
Tovarlarni “Abu-Saxiy”, “Malika” bozorlariga olib borib naqd pulga sotishadi. Pullarni teng o‘rtada bo‘lib, o‘z ehtiyojlari uchun sarflaydi.
Ikki do‘stning bu tarzda soqqa ishlayotganini eshitgan yana bir tanishi Temur Ablazov ham Murodga ipoteka asosida uy xarid qilganligi va uy to‘lovlarini to‘lashda qiynalayotganligini yozg‘iradi.
-Senga ham yordam beraman, evaziga olingan foydadan menga ham berasan.
Shundan so‘ng ikkisi yuqorida nomlari keltirilgan do‘konlarga borib T.Ablazov nomiga kredit rasmiylashtirashdi. Maishiy texnika olishadi va ularni sotib, foydani arra qilishadi.
M.Sadirov bundan tashqari G.Aliyev va I. Iskandarovga ham xuddi shunday bankdan kredit rasmiylashtirib, tovar olib sotib foydasidan manfaat ko‘radi.
Vaqt o‘tib, olingan kreditlar summasini yopish payti keladi. Ammo kreditlar bankka o‘z vaqtida qaytarilmaydi. Ish sudgacha yetib keladi.
Sud jarayonida M.Sadirov tanishlari Q.O‘rinov bilan birga olingan kreditlari summasi taxminan 60 mln. so‘m, T.Ablazov taxminan 40 mln so‘m, G. Aliyevning nomiga 80 mln so‘mlik maishiy texnikalar olinganligini bayon qildi.
Q.O‘rinov, T.Ablazov, G.Aliyev texnikalarni qo‘shimcha ravishda olib bermasliklarini ma’lum qilganlaridan so‘ng, ularga tilxat yozib berishga majbur bo‘ladi.
Q.O‘rinovning nomiga olingan maishiy texnikalarni “Malika savdo majmuasi”ga Q.O‘rinovning avtomashinasida olib borib a naqd pulga sotganligini, mazkur maishiy texnikalar o‘ziga tegishli ekanligini, T.Ablazovning nomiga olingan barcha maishiy texnikalarni ham “Malika” savdo majmuasiga borib, uning o‘zi bilan birgalikda sotganligini bildirdi.
G.Aliyevning nomiga olingan maishiy texnikalarni esa birgalikda “Malika savdo majmuasi”da sotishganligini, u sotilgan pullarning bir qismini G.Aliyevga berganligini, qolganini o‘zining shaxsiy ehtiyojlariga ishlatganligini, hammaning kreditini yopish uchun do‘stlariga tilxat yozib berganligini, unga ko‘ra ular yana kreditga maishiy texnika olib berishi, u esa mazkur texnikalarni sotib ularning pulini kredit pullariga to‘lashi kerak edi.Ammo unday bo‘lmadi.
Xullas, sudda M. Sadirovning aybi bilinib qoldi. Garchi sudlanuvchi M.Sadirov o‘z aybiga qisman iqror bo‘lib ko‘rsatuv bergan bo‘lsa-da, uning aybi guvohlar va to‘plangan dalillar yig‘indisi bilan o‘z isbotini topdi.
Jabrlanuvchi Q.O‘rinov sud majlisida sudlanuvchidan 112 mln so‘m undirib berishni so‘ragan bo‘lsa , T.Ablazov aybdordan 54 mln so‘m undirib berishni talab qildi.
Sud M.Sadirovni Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “b” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topdi.Unga JKning 168-moddasi 3-qismi “b” bandi bilan JK ning 57-moddasi 2-qismini qo‘llab, 5 yil 6 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinladi.
Shu tariqa o‘z nafsini o‘ylagan firibgar qilmishiga yarasha jazo oldi.